Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida fuqaroga 15 kun muddatda haydovchilik guvohnomasi olib berishni va’da qilgan instruktor ushlandi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.
Ma’lum qilinishicha, departament hamda DXXning Jarqo‘rg‘on tuman bo‘limlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda “S.I.S.” MChJ avtomaktabi o‘rgatuvchi ustasi Z.E. fuqaro A.ga boshqa avtomaktabda ishlovchi tanishlari orqali B va C toifadagi haydovchilik guvohnomasini o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etmasdan, 15 kun muddat ichida olib berishni va’da qilgani aniqlangan. Instruktor buning evaziga 3,1 million so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 3-fevral kuni Toshkentda haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihon topshirish bo‘yicha Toshkent imtihon markazi ish boshlagan. Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i Bekmurod Abdullayev faqat yetarli bilim va malakaga ega haydovchilarga guvohnoma berilishni boshlagach, yo‘llarda haydovchilik madaniyati oshadi, yo‘l-transport hodisalari kamayishini aytib o‘tdi.
Izoh (0)