Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahridagi 59-son ko‘zi ojizlar maktab-internatiga tashrif buyurdi, deb xabar beradi “Daryo” muxbiri.
Tashrif davomida prezident ko‘zi ojiz o‘quvchilar uchun oliygohni tugatganlaridan keyin har bir davlat idorasida ish o‘rni bo‘lishi kerakligini aytgan.
“Inson qadri yilida bu yerga kelishimning ostida ham katta ma’no bor. Sizlarga beradigan e’tiborimiz, yaratib beradigan sharoitimiz adolatdan bo‘ladi”, — deydi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari ushbu maktabda o‘qituvchi va o‘quvchilar bilan suhbatda bo‘lib, u yerda o‘qiydigan uch nafar qizga oliy o‘quv yurtlariga imtihonsiz o‘qishga kirishi bo‘yicha qarorga imzo chekishini aytgan. Ta’kidlanishicha, uch nafar qiz sportning shaxmat-shashka turi bo‘yicha qator chempionatlarda g‘olib bo‘lgan.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev maktabning o‘qituvchilaridan biri bilan suhbatda bo‘lgan va uning qiziga pianino sovg‘a qilishini aytgan. Bundan tashqari, prezident u qizga ham oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirishi bo‘yicha qarorga imzo chekishini ta’kidlagan.
Izoh (0)