Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida infratuzilma xarajatlarini qisqartirish uchun qurilish materiallari klasterlarini mavjud xomashyo yoki yirik korxonalar atrofida tashkil etish zarurligi qayd etildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar qildi.
Hozirgi kunda O‘zbekiston tumanida 11 ta sement, gipsokarton, gazoblok, temir-beton, metall buyumlar, quruq qorishmalar korxonalari ishga tushirilayotgani qayd etildi.
Ularning yonida logistika, ilm va innovatsiya markazlari, zamonaviy laboratoriya tashkil etib, bozorni o‘rganishni birlashtirsa, eksport va ichki bozorlarda raqobatdosh klaster tashkil etiladi.
“Xorijiy ekspertlar xulosasiga ko‘ra, shunday imkoniyatlar Forish, Sariosiyo, Buloqboshi, Qorovulbozor, Paxtachi, Chust, O‘zbekiston, Ohangaron tumanlarida ham mavjud. Bugun viloyat hokimlari, ‘O‘zsanoatqurilishbank’, Tashqi savdo va investitsiyalar vazirligi 24 ta ixtisoslashgan tumanlarda nechta loyihalarni amalga oshirishlari, buning uchun qanday shart-sharoitlar yaratishi bo‘yicha hisobot beradi. Yangi tashkil etiladigan klasterlar infratuzilmasiga 200 milliard so‘m ajratiladi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Qurilish materiallari ishlab chiqarish loyihalarini moliyalashtirish uchun “O‘zsanoatqurilishbank”ka davlat tomonidan 200 million dollar ajratildi. Bank buning yoniga kelgusi yilda xorijiy moliya bozorlaridan yana 300 million dollar jalb qilishi lozimligi aytildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning har bir hududida uy-joy qurilish klasterlari tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.
Mavzuga doir:
- O‘zbekistonda endi xonadon sotib olayotgan ehtiyojmand aholiga dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun 32 million so‘m subsidiya to‘lanadi
- Shavkat Mirziyoyev budjetdan maqsadli kreditlar uchun ajratilgan qancha mablag‘ o‘zlashtirilmasdan turganini aytdi
- Shavkat Mirziyoyev: “Joylashgan joyi yoki narxi aholiga nomaqbul bo‘lgani uchun 255 mlrd so‘mlik yangi qurilgan 950 ta xonadon sotilmasdan turibdi”
Izoh (0)