Yaponiya bosh vaziri Yosixide Suga ushbu lavozim uchun keyingi muddatga nomzodini qo‘ymaslikka qaror qilgach, Yaponiya hukumati 4-oktabr kuni to‘liq tarkibda iste’foga chiqdi. Bu haqda Kyodo agentligiga tayanib, “RBK” xabar berdi.
Yaponiyaning yangi bosh vaziri sobiq tashqi ishlar vaziri Fumio Kisida bo‘ladi, u saylovda g‘alaba qozonib, hukmron Liberal-demokratik partiyasi (LDP)ning yangi rahbariga aylangandi. 4-oktabrdan u o‘z lavozimiga kirishi va yangi kabinet tuzishi kerak.
Kyodo, hukmron partiyadagi manbalarga tayanib, xabar berishicha, Kisida hukmron partiyadan yuqori martabali deputat Shunichi Sudzukini moliya vaziri etib tayinlashni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, u iqtisodiy va moliyaviy siyosat vaziri lavozimiga 53 yoshli Dayshiro Yamagivaning nomzodini ko‘rib chiqmoqda. 2012-yil dekabridan beri moliya vazirligini boshqargan 81 yoshli Taro Aso LDP vitse-prezidenti lavozimiga o‘tadi.
Nikkei agentligi xabar berishicha, bo‘lajak bosh vazir parlament quyi palatasi uchun saylovlarni 31-oktabrga belgilamoqchi. Avvalroq Kisida ularni 7 yoki 14 noyabrga belgilashi taxmin qilingan edi.
Yosixide Suga koronavirusga qarshi kurashga e’tibor qaratish maqsadida, muddati tugagach, Yaponiya bosh vaziri lavozimiga qayta nomzodini ko‘rsatmaslikka qaror qildi. “Ham koronavirusga qarshi choralar ishlab chiqish, ham saylov kampaniyasi mendan katta energiya talab qiladi. Men ikkalasini bir vaqtning o‘zida olib borolmayman, shuning uchun bittasini tanlashimga to‘g‘ri keldi”, — deya tushuntirdi u.
Avgust oyi boshida bosh vazir faoliyatini ma’qullash bo‘yicha reyting eng past ko‘rsatkichga (28 foiz) tushib ketgandi. Bu, xususan, mamlakatda bo‘lib o‘tgan Olimpiya o‘yinlari fonida koronavirus delta shtammining tez tarqalishi tufayli ro‘y berdi.
Shu bilan birga, Tokiodagi Milliy siyosiy tadqiqotlar instituti Xarukata Takenaga NBC News telekanaliga ma’lum qilishicha, Olimpiya o‘yinlari bosh vazir lavozimiga ta’sir qilgan bo‘lsa-da, hal qiluvchi omilga aylanmagan. Yangi bosh vazir bo‘lishi kutilayotgan Kisida hukumatning koronavirusga qarshi kurashini tanqid qilgan. Uning ta’kidlashicha, rasmiylar qo‘shimcha shifoxona yotoqlarini tashkil qilish uchun yetarli mablag‘ ajratmagan va vaziyatni boshqarish uchun markazlashtirilgan organ yaratmagan.
Mavzuga doir:
- Ishonish qiyin, ammo ba’zida siyosatchilar ham o‘z ixtiyori bilan iste’foga chiqadi. Yakuniga yetayotgan Merkel davri — fotosuratlarda
- Berlin saylov komissiyasi rahbari saylovlardagi tartibsizliklar tufayli iste’foga chiqdi
- Tunis prezidenti bosh vazirni iste’foga chiqarib, parlamentni tarqatib yubordi. Parlament binosiga harbiy texnika tortib kelindi
Izoh (0)