O‘zbekistonda bitiruvchini ishga olgan korxonaga 5 milliard so‘mgacha 18 foizli kredit beriladi. Bu haqda 8-avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan yig‘ilishda maʼlum qilindi.

Prezident axborot xizmatiga ko‘ra, yoshlar bandligini taʼminlash uchun banklarga 300 million dollar kredit resursi ajratilgan.
Yig‘ilishda ko‘p bitiruvchilar katta kredit olib, qaytara olmasligidan xavotirga tushgan. Shu sabab ularga ajratiladigan imtiyozli kredit resursining bir qismini bitiruvchini ishga olgan korxonalarga ham berish taklifi maʼqullangan.
“Endi ishga olingan bitiruvchilar soniga qarab, tadbirkorlarga 5 milliard so‘mgacha 18 foizli kredit beriladi. Masalan, 1 milliard so‘mgacha kredit olganlar kamida 1 nafar, 5 milliard so‘m olganlar esa 5 nafar bitiruvchini ishli qiladi. Imtiyozli kredit olgan korxona bitiruvchini 2 yil ichida ishdan bo‘shatsa, kredit foizi tijorat stavkasiga o‘zgaradi. Ushbu yangi tizim nafaqat bu yilgi, balki oliygohni tugatganiga 3 yil bo‘lmagan bitiruvchilar uchun ham amal qiladi”, deyiladi manbada.

Yig‘ilishda oliygoh bitiruvchilarini ishga joylashtirish bo‘yicha xususiy sektor uchun maʼqul keladigan tizim yaratilishi belgilangan. Buning uchun Tadbirkorlar reytingida alohida ko‘rsatkich qo‘shiladi. Bunda tadbirkorlar o‘zidagi bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi maʼlumotlarni mutaxassislik yo‘nalishi bilan kiritadi. Platformaga oliygohlar ham ulanib, oliygohning “karyera markazi” bitiruvchini bo‘sh o‘rni bor korxona bilan bog‘lab beradi. Eng muhimi, bitiruvchini ishga olganlik uchun tadbirkorga qo‘shimcha ball beriladi.
Bitiruvchisini yarmidan ko‘pini ishga joylagan “karyera markazi”ga oliygoh jamg‘armasidan 500 million so‘m mukofot beriladi.
Avvalroq endilikda oliygohlar davlatdan to‘plangan ballariga qarab pul olish tizimi yo‘lga qo‘yilishi xabar qilingandi.
Izoh (0)