Marg‘ilonda Gentra ko‘chada o‘ynab o‘tirgan yosh bolani bosib ketgandi. “Ruxsor TV” telekanalining xabar qilishicha, haydovchiga 2 yilga barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda 2 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Voqea 2025-yil 10-may kuni Marg‘ilon shahar Zuhro ko‘chasida sodir bo‘lgandi. 55 yoshli ayol D.A. Gentra avtomobilini boshqarib ketayotib, 2022-yilda tug‘ilgan A.A.ni bosib ketgan. Ko‘chada o‘rnatilgan kuzatuv kamerasiga muhrlangan videoda avtomobil yo‘lda o‘ynab o‘tirgan bolaning ustidan bosib o‘tgani, haydovchi bolaning baqirganini eshitmay, o‘z yo‘lida bamaylixotir davom etib, hodisa joyidan ketib qolgani aks etgan.
Sudda ayol bolani ko‘rmay qolganini, hatto bosib o‘tganda yig‘lagan ovozini eshitmaganini aytgan.

“Bilganimda darrov to‘xtardim. Masalan, itni ezib ketsangiz ham to‘xtaysiz-ku. Kelganimda ham yo‘q, men bosmadim, dedim. Yig‘laganini ham eshitmabman. Kameradan ko‘rdim. Telefon bo‘ldi, bittasini urib ketibsiz, oyog‘i va qo‘li shilinibdi, deyishdi. Ko‘rib, ketib qolibsiz, deyishdi. Kamerani ko‘ringlar, men urganim yo‘q, deb tan olmadim. Keyin ertasiga o‘sha kamerani ko‘rishgan ekan, men ekanman”, degan u o‘z ko‘rsatmasida. U 5 yil avval haydovchilik kursini tamomlab, haydovchilik guvohnomasi olganini bildirgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) hamda 117-moddasi (xavf ostida qoldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.
Bolaning otasi sudda farzandining ruhiy holati o‘zgarganini, haydovchi 3 oy o‘tgan bo‘lsa-da, biror marta qo‘ng‘iroq qilmaganini ma’lum qilgan.
“Bitta gapni gapirsangiz, qo‘rqib ketadi. Ko‘chaga olib chiqsangiz, mashina kelsa, uyga kiraman, deydi. Oldin doim ko‘chada bo‘lgan, o‘ynagan, boshqa qilgan, uyga kirmayman deydigan bola hozir uydan ko‘chaga chiqqisi kelmaydi”, degan u.
Ota suddan haydovchi ayolga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni, yetkazilgan moddiy zarar bilan ma’naviy zararni ham qoplab berishini so‘ragan. Sud hukmi bilan haydovchiga yuqoridagi jazo bilan birga bolaning otasiga 2 million 350 ming so‘m moddiy va 25 million so‘m miqdorda ma’naviy zarar undirish belgilandi.
Jinoyat kodeksiga ko‘ra, hayoti yoki sog‘lig‘i xavf ostida qolgan va o‘zini o‘zi himoya qilish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan shaxsga yordam ko‘rsatmaslik, basharti, aybdor bunday ahvoldagi shaxsga yordam berishi shart va bunday imkoniyatga ega bo‘lsa yoxud aybdorning o‘zi jabrlanuvchini xavfli ahvolga solib qo‘ygan va bu hol badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilishiga olib kelsa 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Kodeksning 266-moddasi 1-qismida belgilanishicha, transport vositasini boshqaruvchi shaxs tomonidan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lsa, 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilib, BHMning 50 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Izoh (0)