Abituriyentlarga oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga kirishda yangi imkoniyat beriladi. Bu haqda 8-avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev mutasaddilar bilan tashkil etilgan yig‘ilishda maʼlum qildi.
-dYotPI1y.avif)
Prezident axborot xizmati xabariga ko‘ra, davlat rahbari hozirda abituriyentlarga beshta oliygohni tanlash imkoni berilganini taʼkidlagan. Keyin bu imkoniyat yanada kengaytirilishi aytilgan.
Endilikda abituriyentlar 5 ta oliygohdan birortasiga kirolmagan bo‘lsa, lekin to‘plagan balli boshqa oliygohdagi to‘lmagan yo‘nalishga to‘g‘ri kelsa, shu oliygoh rektori ularni kontrakt asosida qabul qilishi mumkin bo‘ladi.
Bu davlat va xususiy oliygohlar o‘rtasida raqobatning rivojlanishiga xizmat qilishi, taʼkidlandi manbada.
Shu bilan birga, prezident hozirda band bo‘lmagan 92 ming bitiruvchini ishga joylashtirish va qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tgan.
20 ming nafar bitiruvchi magistratura va ikkinchi mutaxassislik bilan qamrab olinadi. Yana 20 ming nafar bitiruvchini 10 mingga yaqin korxonadagi staj talab qilmaydigan ish o‘rinlariga joylashtirish mumkin.
Yig‘ilishda har bir viloyatda biznes-inkubatorlar tashkil qilib, ularda tadbirkorlik startaplari, marketing, dizayn, AT xizmatlari orqali 15-20 ming bitiruvchini band qilish topshirilgan.
Kimyo, energetika, geologiya, avtosanoat, metallurgiya, farmatsevtika tarmoqlarida 10 ming muhandis, texnolog, operator, standartlash, sifat nazorati, moliya va iqtisodiyot yo‘nalishi bitiruvchilarini ishga joylash imkoniyati bor. Shuningdek, to‘qimachilik, charm, elektrotexnika, qurilish materiallari, oziq-ovqat kabi mahalliy sanoat tarmoqlarida 5-7 ming bitiruvchini doimiy ish bilan taʼminlash mumkin.
Yig‘ilishda mutasaddilarga 6 ming bitiruvchini transport, logistika, yo‘l, qurilish, kommunal sohalar bilan qamrab olish, pedagogika, tibbiyot, ijtimoiy himoya, madaniyat, sanʼat sohalari muassasalari va o‘quv markazlarida 10 ming bitiruvchini ishli qilish topshirilgan.
Izoh (0)