O‘zbekiston qonunchiligida 2021-yil 1-sentabrdan bir qator o‘zgarish va yangiliklar kuchga kiradi. Quyida mamlakatda kuchga kiradigan asosiy o‘zgarishlar taqdim etildi.
O‘zbekistonda 1-sentabrdan ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdori oshiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning farmoni bilan 1-sentabrdan boshlab budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdori 1,1 barobarga oshiriladi.1941–1945-yillardagi urush nogironlari va qatnashchilari, shuningdek, fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan shaxslarning eng kam pensiya miqdori ustamalarni inobatga olgan holda – oyiga 2 750 000 so‘m etib belgilanadi.
Bundan tashqari, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori – oyiga 440 000 so‘m etib belgilanadi va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun amaldagi tartibga muvofiq pensiya to‘lanadi.
Boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa miqdori oyiga 440 000 so‘m va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun 165 000 so‘mdan qo‘shilishi belgilanadi.
O‘zbekistonda bolalar nafaqasi va kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam to‘lovlari oshiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish hamda kambag‘allik bilan kurashish ko‘lamini yanada kengaytirish bo‘yicha farmon bilan 2021-yil 1-sentabrdan boshlab amalda bo‘lgan kam ta’minlangan oilalarga 14 yoshgacha bolalari uchun nafaqa va 2 yoshgacha bolani parvarish qilish nafaqasi o‘rniga yagona bolalar nafaqasi joriy etiladi.Bunda, ushbu nafaqani tayinlashda:
- bolalar yoshi me’yori 14 yoshdan 18 yoshgacha oshiriladi;
- to‘lov muddati 6 oydan 12 oygacha uzaytiriladi;
- nafaqa miqdori oiladagi bolalar sonidan kelib chiqib belgilanadi;
- farzandi bo‘lmagan yoki farzandlari 18 yoshdan katta bo‘lgan kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam tayinlanadi.
- 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bitta farzandi uchun – 250 000 so‘m (+56 000 so‘m);
- 3 yoshgacha bo‘lgan bitta kichik farzandi uchun – 325 000 so‘m (+131 000 so‘m);
- ikkinchi farzandi uchun qo‘shimcha – 150 000 so‘m (+186 000 so‘m);
- uchinchi va undan keyingi har bir farzandi uchun – 100 000 so‘mdan (amaldagi 190 ming so‘mdan 290 ming so‘mgacha ko‘p);
- moddiy yordamning miqdori – 380 000 so‘m.
O‘zbekistonda 1-sentabrdan boshlab mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga kompensatsiya to‘lanadi
“Xorijga tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarni rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga ko‘ra, 2021-yil 1-sentabrdan boshlab 2022-yil 1-sentabrga qadar labor-migration dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tgan, kasb-hunar yoki xorijiy tillarga o‘qigan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga kompensatsiya to‘lanadi. Qarorga binoan:- xorijiy tillar yoki kasb bo‘yicha malaka imtihonlarini topshirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun, basharti ular muvaffaqiyatli topshirilganda – BHMning 3 baravarigacha miqdorda (735 ming so‘m);
- yo‘l chiptasini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun – BHMning 2 baravarigacha miqdorda (490 ming so‘m);
- rivojlangan davlatlarda mehnat faoliyatini amalga oshirishga “ishchi viza”ni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun – BHMning 5 baravarigacha miqdorda (1 million 225 ming so‘mgacha) kompensatsiya to‘lanadi.
- mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqaro labor-migration dasturiy majmuasi orqali masofaviy tarzda yoki bevosita Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Bandlikka ko‘maklashish markazlariga ariza bilan murojaat qiladi;
- ariza Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan 1 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.
Ayrim sportchi-trenerlarga 2 million 450 ming so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda har oylik to‘lov joriy etiladi
Olimpiya va Paralimpiya hamda Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari, jahon, Osiyo va respublika chempionatlarida oxirgi 5 yilda g‘olib va sovrindor (1-3 o‘rin) bo‘lgan, shuningdek, olis va chekka hududlarda ishlayotgan sportchi-trenerlarga:- sport to‘garaklarini tashkil etish uchun tuman va shaharlarda bo‘sh turgan davlat mulki hisoblangan bino va inshootlar elektron savdolar o‘tkazmagan holda, ushbu obyektga nisbatan belgilangan eng kam ijara to‘lovi stavkasining 50 foizi miqdorida ijaraga beriladi;
- sport inventarlari, buyumlari va jihozlarini xarid qilish uchun subsidiyalar ajratiladi;
- kamida 100 nafar yoshlarni muntazam sport bilan shug‘ullanishini tashkil etgan taqdirda BHMning 10 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda har oylik to‘lov joriy etiladi.
Pedagog kadrlar malaka toifasini berish bo‘yicha attestatsiya yil davomida o‘tkaziladi
Malaka toifasini berish va saqlab qolish bo‘yicha maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish yil davomida amalga oshiriladi.Uzrli sabablarga ko‘ra (mehnatga layoqatsizlik, homiladorlik, tug‘ish hamda bolani parvarish qilish ta’tili va boshqalar) attestatsiyadan o‘tmagan pedagog kadrlar ishga qaytganiga bir yil to‘lgandan so‘ng attestatsiyaga jalb etiladi va mazkur davr mobaynida ularning malaka toifasi saqlab qolinadi (o‘z tashabbusiga ko‘ra attestatsiyadan o‘tmoqchi bo‘lgan pedagog kadrlar bundan mustasno).
Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi natijalarga erishgan maktablar 500 million so‘mgacha rag‘batlantiriladi
Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi natijalarga erishgan maktablarni rag‘batlantirish maqsadida Prezident sovrini ta’sis etiladi.Bunda, sovrin uchun musobaqalar umumta’lim maktablari o‘rtasida quyidagi uch bosqichda tashkil etilgan holda:
- birinchi bosqich – tuman va shaharlarda o‘tkazilib, g‘oliblar 100 mln so‘mgacha;
- ikkinchi bosqich – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o‘tkazilib, g‘oliblar 250 mln so‘mgacha;
- uchinchi bosqich – respublika miqyosida o‘tkazilib, g‘oliblar 500 mln so‘mgacha pul mablag‘lari bilan mukofotlanadi.
Elektron onlayn auksionlar tartib-taomillarining yagona tartibi joriy etiladi
“E-auksion” elektron savdo platformasidagi elektron onlayn auksionlar tartib-taomillarining yagona tartibi joriy etiladi.Bunda:
ishtirokchilarga, shu jumladan, chet el fuqarolariga auksionda qatnashish uchun elektron raqamli imzo kaliti sertifikati masofadan turib, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining “Elektron onlayn auksionlarni tashkil etish markazi” davlat unitar korxonasi tomonidan bepul taqdim qilinadi;
- obyektlarni auksionga chiqarish uchun to‘lanadigan yig‘im bekor qilinadi;
- auksion o‘tkazish to‘g‘risidagi xabar u o‘tkaziladigan kundan 30 kun oldin e’lon qilinadi;
- xabar e’lon qilingan paytdan boshlab auksion jarayoni yakuniga qadar ishtirokchilarga obyektni sotib olish bo‘yicha auksion qadamiga bog‘lanmagan o‘z narx taklifini kiritish huquqi beriladi;
- sotilgan obyektning qiymati BHMning 5 ming baravarigacha bo‘lganda, to‘lovlarni 10 ish kuni, 5 ming baravariga teng yoki undan ortiq bo‘lganda to‘lovlarni 15 ish kuni mobaynida to‘lash imkoniyati yaratiladi, qonunchilik hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno;
- auksion g‘olibi to‘lovlarni to‘lashdan bosh tortgan taqdirda, g‘olib hamda uning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sischilari auksionlardan chetlatiladi (to‘lovlarni to‘lamaslik holati birinchi marta sodir etilganda bir yil muddatga, ikkinchi marta takrorlansa muddatsiz davrga);
- auksionga chiqarilgan obyektlarni sotishga va oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirishga faqat auksionda kamida ikkita ishtirokchi qatnashganda ruxsat beriladi.
Haydovchilardan ishonchnomani talab etish tartibi bekor qilinadi
“Yo‘l harakati xavfsizligi sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatish tartib-taomillarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilingan.Qarorga ko‘ra, 2021-yil 1-sentabrdan avtomototransportni boshqarish uchun ishonchnoma (notarial tartibda tasdiqlangan), texnik ko‘rikdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi ma’lumot, avtotransport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma elektron shaklga o‘tkazish orqali mazkur hujjatlarni haydovchidan talab etish tartibi bekor qilinadi.
Gul ko‘chatlari importi uchun sarflangan transport xarajatlarining 50 foizi qoplanadi
O‘zbekiston Prezidenti qarori bilan Gul yetishtiruvchilar uyushmasi tashkil etilgan.Hujjatga ko‘ra, uning faoliyatini tashkil etish, malakali mutaxassislarni jalb qilish hamda uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan 20 milliard so‘m ajratiladi.
Andijon viloyatining Andijon, Izboskan va Oltinko‘l tumanlari, Namangan viloyatining Namangan va Davlatobod tumanlari hamda Jizzax viloyatining Zomin va G‘allaorol tumanlari gulchilikka ixtisoslashtiriladi.
Gulchilik sohasida oliy ma’lumotli kadrlarni tayyorlash maqsadida:
- 2022/2023-o‘quv yilidan boshlab qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi OTMlarida Gulchilik magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi;
- 2021/2022-o‘quv yilidan boshlab Manzarali bog‘dorchilik va ko‘kalamzorlashtirish bakalavriat ta’lim yo‘nalishining o‘quv rejasiga gulchilikka oid mutaxassislik fanlari kiritiladi va ularning o‘quv soatlari oshiriladi.
Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga ta’limda qo‘shimcha imtiyoz va yordamlar beriladi
“Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilingan.Unga ko‘ra:
- yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar davlat tasarrufidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarga navbatga qo‘yilmagan holda joylashtiriladi;
- texnikum, kollej, akademik litsey yoki OTMda o‘qiyotgan davrida har o‘quv yilida bir marotaba o‘quv, ilmiy va badiiy adabiyotlar (kitoblar) xarid qilish xarajatlari uchun BHMning 5 baravari (1 mln 225 ming so‘m) miqdorida subsidiyalar ajratiladi;
- o‘quv-tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilarining tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha kurslarda o‘qish xarajatlari bir yilda BHMning 20 baravarigacha (4 mln 900 ming so‘mgacha) miqdorda kompensatsiya qilinadi;
- o‘qishni davlat OTMlarida davom ettirganda ularga stipendiya to‘lovlari 50 foizga oshirilgan holda to‘lanadi.
Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari ekspertlarini har 3 yilda bir marotaba attestatsiyadan o‘tkazish mexanizmi joriy qilinadi
“O‘zbekiston Respublikasida sud-ekspertlik tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoniga ko‘ra:- davlat va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlariga shartnoma asosida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq, sud ekspertizasi turlari bo‘yicha tadqiqot o‘tkazish huquqi beriladi;
- iqtisodiy, fuqarolik va ma’muriy ish yuritishda advokatga sud-ekspertiza tashkilotlarida shartnoma asosida advokat so‘roviga ko‘ra ekspertiza o‘tkazish tashabbusi bilan chiqishga ruxsat beriladi;
- nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari ekspertlarini har 3 yilda bir marotaba attestatsiyadan o‘tkazish mexanizmi joriy qilinadi.
Davlat tashkilotlarida ochiq tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi joriy qilinadi
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, davlat unitar korxonalari va muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlarda ishga qabul qilishni ochiq tanlov asosida amalga oshirish hamda tanlov doirasida o‘tkaziladigan sinov tadbirlarini Internet orqali real vaqt rejimida kuzatishni nazarda tutuvchi tartib joriy etiladi.Xorijiy davlatlarga chiqadigan transportlardan tashqari barcha transportlarga texnik ko‘rikdan o‘tganligi to‘g‘risidagi talonlarni berish amaliyoti bekor qilinadi
“Transport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilingan.Qarorga ko‘ra, transport vositalarini Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bo‘linmalarida majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazishda harakatlanuvchi mobil texnik nazorat liniyalaridan foydalanish tartibi joriy etiladi.
2021-yil 1-sentabrdan jismoniy shaxslarga tegishli M1 toifadagi avtotransportlarni tadbirkorlar – yuridik shaxslar tomonidan majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazishda harakatlanuvchi mobil texnik nazorat liniyalaridan foydalaniladi.
2021-yil 1-sentabrdan xorijiy davlatlarga chiqadigan transportlardan tashqari barcha transportlarga texnik ko‘rikdan o‘tganligi to‘g‘risidagi talonlarni berish amaliyoti bekor qilinadi.
Qaror bilan, shuningdek, Transport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, transportlar quyidagi davriylikka muvofiq texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi kerak:
- tijorat asosida yo‘lovchilar tashuvchi yengil avtomobillar, avtobuslar, trolleybuslar, tramvaylar va o‘rindiqlar soni 8 ta va undan ortiq bo‘lgan (haydovchining o‘rnidan tashqari), odamlarni muntazam tashish uchun jihozlangan yuk avtomobillari, yirik gabaritli, og‘ir vaznli va xavfli yuklarni tashish uchun maxsus transportlar va ularning tirkamalari – bir yilda ikki marta;
- ishlab chiqarilganiga 6 yildan ko‘p bo‘lmagan transportlar – ikki yilda bir marta;
- ishlab chiqarilganiga 6 yildan ortiq bo‘lgan, shuningdek ishlab chiqarilgan vaqti aniq bo‘lmagan transportlar – bir yilda bir marta;
- tirkamalar texnik ko‘rikka transport vositasi – shatakchi uchun belgilangan muddatlarda;
- navbatdagi texnik ko‘rikdan o‘tkazishning ilgari o‘rnatilgan muddatlaridan qat’i nazar, ularni DYHXX organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish (qayta ro‘yxatdan o‘tkazish) vaqtida.
Izoh (0)