Daryo

O‘zbekistonda 1-sentabrdan ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdori oshiriladi

Shavkat Mirziyoyev 17-avgust kuni “Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi

2 daqiqa o‘qish255 352 ko‘rishlar0 izoh0

Prezident Shavkat Mirziyoyevning farmoni bilan 1-sentabrdan boshlab budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdori 1,1 barobarga oshiriladi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman
Farmonga ko‘ra:
  • mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori – oyiga 822 000 so‘m;
  • bazaviy hisoblash miqdori – oyiga 270 000 so‘m;
  • pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – oyiga 289 000 so‘m;
  • yoshga doir eng kam pensiyalar – oyiga 565 000 so‘m;
  • bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa – oyiga 622 000 so‘m;
  • zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa – oyiga 440 000 so‘m;
  • ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi pensiyalarning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda – oyiga 440 000 so‘m;
  • belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan 623 000 so‘mgacha, pensiya oluvchilarning yoshga doir va nogironlik bo‘yicha pensiyalari miqdori – oyiga 623 000 so‘m etib belgilandi.
Shuningdek, 1941–1945-yillardagi urush nogironlari va qatnashchilari, shuningdek, fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan shaxslarning eng kam pensiya miqdori ustamalarni inobatga olgan holda – oyiga 2 750 000 so‘m etib belgilanadi.

Bundan tashqari, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori – oyiga 440 000 so‘m etib belgilanadi va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun amaldagi tartibga muvofiq pensiya to‘lanadi.

Boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa miqdori – oyiga 440 000 so‘m va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun 165 000 so‘mdan qo‘shilishi belgilanadi.

Bundan avval O‘zbekistonda bolalar nafaqasi va kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam to‘lovlari oshirilishi hamda O‘zbekistondagi vasiylik, homiylik va patronatga olingan bolalarga 18 yoshga to‘lguniga qadar mahalliy budjetdan 1,2 mln so‘mdan to‘lanishi haqida xabar berilgandi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar