O‘zbekistonda daraxtlarni kesishga moratoriy joriy etilganiga qaramay, Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida daraxtlar noqonuniy kesilgani aniqlandi.
Toshkent viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining xabar berishicha, 23-avgust kuni boshqarma xodimlari tomonidan olib borilgan o‘rganishlar davomida Quyi Chirchiq tumani “Vatan” MFY hududida jami 2 tup manzarali chinor daraxti noma’lum shaxslar tomonidan qonunga zid ravishda o‘zboshimchalik bilan kesilgani aniqlangan.
Oqibatda o‘simlik dunyosiga 111 million 205 ming 500 so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Qayd etilishicha, qonunbuzar fuqarolar shaxsini aniqlashda, huquqbuzarlik sodir etishda foydalangan transportlarni jarima maydonchasiga kiritishda hamda o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zararni davlat foydasiga undirishda amaliy yordam so‘rab, ichki ishlar organlariga murojaat qilindi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 2021-yilning o‘tgan 6 oyida moratoriy davrida 316 ming dona qimmatbaho daraxt asrab qolingan. Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda daraxtlarni kesishga moratoriy 2024-yilga qadar uzaytirilishi va javobgarlik keskin kuchaytirilishini aytdi. Bundan tashqari, davlat rahbari Toshkent shahri va viloyat markazlarida ekologiya politsiyasi tashkil etilishini ham ma’lum qildi.
Izoh (0)