“Davlat tili to‘g‘risida”gi qonun va qonunosti hujjatlari ijrosini ta’minlash yuzasidan tuzilgan ishchi guruhlar markaziy ko‘chalar, tashkilot va korxonalar peshlavhalari, e’lonlar, reklamalar matnlarining davlat tilida yozilishiga, imlo qoidalariga rioya etilishiga e’tibor qaratmoqda, deb xabar bermoqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.
Xususan, Mirobod tumanidagi Shahrisabz, Nukus, Fitrat, Mirobod, kichik halqa avtomobil yo‘li ko‘chalarida joylashgan tashkilotlar binolarida va reklama bannerlaridagi yozuvlarning qonun talablari asosida bo‘lishi ta’minlangan.
Shuningdek, “Yangi Qo‘yliq”, “Qorasuv”, “Oltinko‘l”, “Lolazor”, “Sariko‘l”, “Tolariq” hamda Abdulla Avloniy va Oybek nomlaridagi mahallalar va “Mirobod dehqon bozori” ma’muriyati hamda bozorda faoliyat yuritayotgan 450 nafardan ortiq tadbirkorlik subyekti bilan tashqi yozuvlar, e’lonlar va peshlavhalarni qonun talablariga muvofiqlashtirish yuzasidan tushuntirish olib borilgan.
O‘rganishlar natijasida xato yozilgan 637 ta tashqi yozuv aniqlanib, ularning 494 tasi xorijiy tilda, 143 tasi esa xato yozilgani aniqlangan. Ishchi guruhning tavsiyasiga ko‘ra, 509 ta tashqi yozuv va axborot matni qonunga moslashtirilgan.
Xususan, Zarina beauty salon peshlavhasi “Zarina go‘zallik saloni”, “Sloyonnaya samsa” — “Somsa”, bir necha “Apteka” peshlavhalari “Dorixona”, “Vsyo dlya doma” — “Hamma narsa uy uchun”, “Magazin domashnix delikatesov” — “Tansiq uy taomlari”, “Salon elitnoy keramiki i santexniki” — “Yevropa keramika va santexnika buyumlari” deb o‘zgartirilgan.
Bundan tashqari Magnit, Korzinka.uz savdo majmualaridagi tashqi yozuvlar, lavhalar, e’lonlar, narxnomalar va boshqa ko‘rgazmali axborot matnlari ham lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘zgartirilgan.
Iyul oyining boshlarida Yunusobodda 1000 dan ortiq peshlavha va e’lonlar o‘zbek tiliga o‘girilgandi.
Eslatib o‘tamiz, 1-iyul kuni bosh vazir Abdulla Aripov barcha vazirliklar, idoralar va tashkilotlar, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Vazirlar kengashi, Toshkent va viloyatlar hokimliklariga lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tishni tezlashtirish bo‘yicha topshiriq berdi.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-fevraldagi qarori bilan lotin alifbosiga to‘liq bosqichma-bosqich o‘tish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlangan edi. Unga ko‘ra, hozirda kirill alifbosida yuritiladigan barcha joy va ko‘cha nomlari, atamalar, tashkilotlarning nomlari, peshlavhalar, ommaviy targ‘ibot vositalari, reklama va e’lonlar, ish qog‘ozlari va turli blanklar 2022-dekabriga qadar lotin grafikasiga o‘tkazilishi belgilangan.
Biroq bosh vazir qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan ushbu vazifani 2021-yilning 1-avgustiga qadar bajarish topshirilgan.
Mavzuga doir:
- Alifbo islohoti qachon tugaydi? Taklif etilayotgan yangi o‘zbek alifbosi borasida qarama-qarshi fikrlar
- “Xatoni tuzatish xatodan qimmatga tushmasligi kerak”. Tilshunos Baxtiyor Mengliyev lotin alifbosidagi islohotlarga qarshi chiqdi
- “Lotin alifbosiga o‘tishga siyosiy motivlar sabab bo‘lgan” — adliya vaziri maslahatchisi Shahnoza Soatova
Izoh (0)