O‘zbekistonda 22—23-avgust kunlari umumxalq xayriya hashari o‘tkaziladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi farmoyish qabul qilindi.

Unga ko‘ra, mahallalar, aholi punktlari, ko‘p kvartirali turar joylar, hovlilar atrofi, guzarlar, xiyobonlar, ziyoratgohlar, qabristonlar, ko‘cha va yo‘laklarni hamda bolalar maydonchalarini tartibga keltirish, daraxtlarni oqlash va butash ishlari tashkil etiladi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari, ayniqsa, ehtiyojmand, mehr-muruvvatga muhtoj, boquvchisiz qolgan keksa va nogironligi bo‘lgan fuqarolarning uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ko‘maklashiladi.
Joylarda obodonlashtirish ishlarini o‘tkazish jarayonida to‘plangan chiqindilarning mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa mutasaddi tashkilot tomonidan alohida belgilangan joylarga olib chiqiladi.
Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaroriga muvofiq xayriya hasharini o‘tkazishda aholini boshqa turdagi jamoat ishlari, shu jumladan, qurilish-ta’mirlash va qishloq xo‘jaligi ishlariga majburiy jalb etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Hashar tegishli tashkilotlar hududida obodonlashtirish ishlari mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etgan holda amalga oshiriladi. Obodonlashtirish tadbiri ishtirokchilarini zarur texnika vositalari va anjomlar bilan ta’minlanadi.
Izoh (0)