Rossiya armiyasi 18-avgustga o‘tar kechasi Odessa viloyatidagi Ozarbayjonning neft bazasiga hujum qildi. To‘g‘ridan to‘g‘ri zarbalar katta yong‘inga sabab bo‘ldi. Bu haqda Minval xabar berdi.

Ozarbayjonning SOCAR kompaniyasiga qarashli neft ombori Shahed dronlari hujumiga uchragan. Oqibatda barcha 17 ta rezervuar, nasos stansiyasi, texnik inshootlar, operatorlik va tarozi xonalariga zarar yetgan. Neft bazasining umumiy sig‘imi 16 ming kub metrdan ortiq.
Hozirda ekspertiza tayinlangan va zarar miqdori aniqlanmoqda. Bu hujum Ozarbayjon neft bazasiga nisbatan ikkinchi marta sodir etilmoqda. Rossiya 8-avgust kuni ham obyektga 10 ga yaqin dron uchirgandi. O‘shanda yong‘in chiqib, dizel yoqilg‘isi quvuriga zarar yetgandi. Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev esa Rossiyani mamlakat obyektlariga “maqsadli zarba berish”da ayblagandi.
6-avgustga o‘tar kechasi esa Rossiya dronlari Odessa viloyatidagi “Orlovka” gaz kompressor stansiyasiga zarba berdi. Bu stansiya orqali Ozarbayjon Ukrainaga gaz yetkazib beradi.
Rossiyaning “agressiv siyosati” to‘xtamasa, Ozarbayjon Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berishga qo‘yilgan embargoni bekor qilishi mumkin. Ma’lumot o‘rnida, SOCAR iyul oyi oxirida Ukrainaning “Naftogaz“ kompaniyasiga gaz yetkazib berish bo‘yicha birinchi shartnomani imzolagandi.
Izoh (0)