AQSh yil boshida Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) qirg‘oqlari yaqinida qo‘lga olingan tankerdagi Eron neftini sotib yubordi. Bu haqda sud hujjatlariga tayanib, Associated Press xabar berdi.
Liberiya bayrog‘i ostidagi Achilleas tankeri fevral oyida Fujayra port shahri sohilida qo‘lga olingan edi. Hujjatlarga ko‘ra, AQShning terrorizmga qarshi qonunlari asosida undagi neft musodara qilingan. Amerika hukumatining fikricha AQShda terroristik tashkilot sifatida tan olingan Islom inqilobi posbonlari korpusi (IRGC) tankerdan keyinroq sotish maqsadida Xitoyga neft yetkazib berish uchun foydalanmoqchi bo‘lgan.
Prokurorlarning ta‘kidlashicha, yukni jo‘natganlar qo‘shni Iroqdan olib kelinayotgan “Basra yengil nefti” belgisi ostida yukni yashirishga harakat qilgan.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh hukumati tankerni Texas shtatidagi Xyuston shahriga yetkazib bergan. Keyinchalik, Achilleas bortidagi 2 million barreldan sal ko‘proq neft 110 million dollarga sotilgan (bir barrel uchun taxminan 55 dollar). “Pul sud jarayoni davomida shartli depozit sifatida saqlanadi”, — deyiladi xabarda.
Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Said Xatibzoda Eron nefti partiyasining sotilishi haqidagi savolga javob berar ekan, tafsilotlardan bexabarligini aytdi. “AQSh sobiq prezidenti Bill Klinton davridan beri qonunlari tufayli AQSh Erondan neft sotib olmagan”, — deydi u.
Agentlikning ta’kidlashicha, Energiya axborot ma’muriyati (EIA) ma’lumotlariga ko‘ra, 2020-yilning oktabr oyida Qo‘shma Shtatlar 1,1 million barrel Eron neftini import qilgan — ehtimol u ham shunday musodara natijasi bo‘lishi mumkin.
Mavzuga doir:
- Kuvaytda joylashgan dunyodagi eng katta neft konida yong‘in sodir bo‘ldi
- Bloomberg: Pandemiya davrida to‘plangan neft zaxiralari tugab bitdi
- Xusiylar Saudi Aramco neft kompaniyasini o‘qqa tutgani haqida ma’lum qildi
- Texasda kuzatilgan rekord darajadagi sovuq ob-havo WTI markasidagi neftning narxiga ta’sir qildi
Izoh (0)