Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov viloyat hokimlari bilan birga, markazlashgan investitsiyalar hisobidan may—iyun oylarida 4,5 trillion so‘mlik ishlarni amalga oshirishga shaxsan mas’ul va javobgar bo‘ladi. Bu haqda 12-may, chorshanba kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda davlat rahbari ta’kidlab o‘tdi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.
“Birinchi chorakda markazlashgan investitsiyalar bo‘yicha rejaga nisbatan 2,7 trillion so‘mlik (56 foiz) ishlar kam bajarilgan. Shu bilan birga, 175 ta uy-joylar massivining (1 mingta ko‘p qavatli uy) bor-yo‘g‘i 36 tasi bo‘yicha pudratchilar aniqlangan.
Bunda, Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Jizzax, Samarqand, Sirdaryo, Xorazmda obyektlar qurilish reytingi bo‘yicha mos kelmaydigan quruvchi tashkilotlariga berilgan.
Ramatov, Zokirov viloyat hokimlari bilan birga, ikki hafta muddatda 139 ta turar joy massivlari bo‘yicha tenderlarni yakunlab, qurilish ishlarini boshlasin”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari qurilish borasidagi loyihalar tender bo‘yicha faqat reytingda bor qurilish tashkilotlariga berilishini qat’iy ta’kidladi.
“Tenderdagi loyihalar reytingda yo‘q qurilish kompaniyalariga berib yuborilyapti. Ramatov menga balandparvoz gaplar kerak emas. Tadbirkor tadbirkorligini, quruvchi quruvchiligini qilsin. Har bir loyiha reytingda mavjud qurilish tashkilotlariga beriladi. Agar shunday qilsak, qurilish sohasida korrupsiya yo‘q bo‘ladi. Tadbirkor qurilish qilsa, nima bo‘lishini Jizzax misolida ko‘rdik”, — dedi Prezident.
Izoh (0)