O‘zbekistondagi 74 ta yirik hududiy korxonada ishlab chiqarish hajmi 2021-yilning birinchi choragida o‘tgan yilga nisbatan 1,1 trillion so‘mga kamaygan. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 12-may kuni tashkil etilgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi, deb xabar beradi “Daryo” muxbiri.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

“Ayrim tarmoq va hudud rahbarlari yaratib berilgan imkoniyatlardan ham to‘liq foydalana olmayapti. Misol uchun, birinchi chorakda ‘O‘zavtosanoat’da ishlab chiqarish hajmi 40 foizga, ‘O‘zbekneftgaz’da 4,7 foizga, charm mahsulotlarida 10 foizga pasaygan. So‘nggi bir yilda dori-darmon va tibbiyot buyumlariga ehtiyoj keskin oshgan bir paytda, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 22 foizga kamayishini, qanday izohlash mumkin?”, — deydi davlat rahbari.

Shuningdek, 74 ta yirik hududiy korxonada ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilga nisbatan 1,1 trillion so‘mga kamaygan. Jumladan, Toshkent shahrida 23 ta (390 milliard so‘m), Farg‘onada 4 ta (367 milliard so‘m), Qashqadaryoda 6 ta (143 milliard so‘m), Toshkent viloyatida 12 ta (87 milliard so‘m), Buxoroda 5 ta (22 milliard so‘m), Samarqandda 4 ta (18 milliard so‘m), Surxondaryoda 9 ta (17 milliard so‘m), Namanganda 3 ta (13,5 milliard so‘m).

Avvalroq O‘zbekiston avtomobil sanoatidagi 40 ga yaqin korxonani o‘zida birlashtirgan “O‘zavtosanoat” 2021-yilning I choragi yakunlarini sarhisob qilgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, “O‘zavtosanoat” o‘tgan chorak davomida qariyb 50 milliard so‘m foyda ko‘rgan.