Uning ekspansionistik siyosati Ikkinchi Jahon urushi boshlanishining asosiy sabablaridan biri bo‘ldi. Uning nomi fashistlar rejimi tomonidan Germaniyaning o‘zida ham, u egallab olgan hududlarda ham sodir etilgan insoniyatga qarshi ko‘plab jinoyatlar (balki xiyonatlar) bilan bog‘liq edi. Xalqaro harbiy tribunal u va natsistlar partiyasi rahbariyati tomonidan tashkil etilgan ko‘pgina tashkilotlarni jinoiy tabiatga ega deya tan oldi. Bugun “Daryo” nemis siyosatchisi, ismi dunyoning eng taniqli nomlaridan biri bo‘lgan shaxs – Adolf Gitler hayotidan hikoya qiladi.
Yosh Gitlerning hayoti
Bo‘lajak siyosatchi 1889-yil 20-aprelda Avstriyada, Braunau-am-Inn shahrida tug‘ilgan. U bu yerda uch yoshigacha yashagan. 1892-yil Gitlerning otasi yangi lavozimga ko‘tariladi va oila Passua shahriga ko‘chib o‘tdi.1900-yil sentabr oyida yosh Adolf Linzdagi davlat maktabining birinchi sinfiga o‘qishga kirdi. O‘sha vaqtdan boshlab u faqat o‘ziga yoqadigan fanlarni o‘rganishni boshladi. Bo‘lajak “dohiy” tarix, geografiya va ayniqsa rassomchilikka qiziqqan. Hattoki boshqa fanlarga bo‘lgan nojiddiy munosabat uning bir necha bor sinfdan sinfga qolib ketishiga ham sabab bo‘lgan. Gitler 13 yoshda ekanligida (endigina ikkinchi sinfda o‘qiyotganda) – 1903-yil 3-yanvar kuni to‘satdan otasi vafot etdi. Gitler 15 yoshidan pyesalar, she’rlar va hikoyalar yoza boshlagan, shuningdek, u Viland afsonasi va Vagner operasi uchun libretto yaratdi.
Gitler fransuz tilini yoqtirmas edi. O‘sha paytda Adolfga fransuz tilidan dars bergan ustozi Gemer 1924-yilgi Gitler ustidan sud jarayonida shunday degan edi: “Gitler, shubhasiz, bir tomonlama bo‘lsa ham, iqtidorli edi. U o‘zini qanday tutishni deyarli bilmas, o‘jar, o‘zboshimcha, beparvo va tez fe’lli edi”. Ko‘pgina guvohliklarga ko‘ra, biz Gitler yoshligidayoq o‘zida psixopatik xususiyatlarni namoyon etgan, degan xulosaga kelishimiz mumkin.
Gitlerning yoshligidagi do‘sti Kubitsek u doim hamma bilan qirpichoq bo‘lib yurganligini, uni o‘rab turgan hamma narsadan nafratlanganini eslaydi. Gitler biografiyasi bilan shug‘ullanuvchi nemis tarixchisi Yoaxim Fest antisemitizm va yahudiylarga nafrat Gitlerning yillar davomida avj olgan va o‘z o‘ljasini topa olmagan nafratining nishoni edi deya ta’kidlaydi. 1913-yil may oyida Gitler Venadan Myunxenga ko‘chib o‘tdi va bu yerda u Birinchi Jahon urushi boshlanguniga qadar rassom bo‘lib ishladi.
Gitler ilk jahon urushida
Birinchi jahon urushining dastlabki oyida Gitler o‘z xohishi bilan nemis armiyasiga yoziladi. Fransiya va Belgiyada avval oddiy askar sifatida, so‘ng yefreytor bo‘lib xizmat qiladi. O‘n oltinchi Bavariya shtabi safida jang operatsiyalarida ishtirok etadi. 8-oktabrda u Bavariya qiroli Lyudvig III va imperator Frants Jozefga sodiqlik haqida qasamyod qildi. 1914-yil oktabrda Gitler G‘arbiy frontga jo‘natildi va 29-oktabrda Izer jangida va 30-oktabrdan 24-noyabrgacha Ipr jangida qatnashdi. 25-noyabrdan 13-dekabrgacha Flandriyadagi pozitsion urushda ishtirokchi bo‘ldi. 1914-yil 2-dekabrda u 2-darajali temir xoch bilan taqdirlandi.1915-yilda u Nyu Shapel, La Basse va Arras janglarida, 1916-yilda Somme jangida qatnashdi. Sommening birinchi jangida u granata tegib chap sonidan yaralandi va Potsdam yaqinidagi Qizil Xoch kasalxonasida yotdi. Kasalxonadan chiqib ketgach, 1917-yil mart oyida 1-zaxira batalyonining 2-rota tarkibidagi polkka qaytdi. 1918-yilda Gitler Fransiyada bahorgi hujumlarda, Evros va Mondidye janglarida qatnashgan. Ko‘plab guvohliklarga ko‘ra, u jasur va ajoyib askar edi. Gitlerning 16-Bavariya piyoda polkidagi hamkasbi Adolf Meyer o‘z xotiralarida Gitlerni “yaxshi askar va benuqson o‘rtoq” sifatida tavsiflagan. Uning yana bir hamkasbi Shlehuberning so‘zlariga ko‘ra, Gitler hech qachon xavfdan qochmagan va safdoshi u haqida hech qanday salbiy narsa eshitmagan.
1919-yil iyun oyida hukumat uni frontdan qaytayotgan askarlar orasida bolsheviklarga qarshi tushuntirish ishlari olib borishi kerak bo‘lgan agitatorlar tayyorlash kurslariga yubordi. Ma’ruzachilar orasida NSDAPning kelajakdagi iqtisodiy nazariyotchisi Gottfrid Feder ham bor edi.
Gitlerning hayotidagi hal qiluvchi lahza uning antisemitizm tarafdorlari tomonidan tan olinishi edi. 1919-1921-yillarda Gitler Fridrix Kon kutubxonasidagi kitoblarni astoydil o‘qiy boshladi. Undagi kitoblar mazmuni jihatidan antisemitizmga asoslangan bo‘lib, Gitlerning e’tiqodida chuqur iz qoldirdi. O‘sha paytgacha shakllangan Gitlerning asosiy g‘oyalari NSDAP dasturida o‘z aksini topadi. Gitler g‘oyalarining aksariyati uning avtobiografik kitobi – “Mening kurashim”da bayon etilgan.
“Pivo isyoni”
1920-yillarning boshlarida NSDAP Bavariyaning eng taniqli tashkilotlaridan biriga aylandi. Ernst Rohm hujum otryadlari boshida turardi. Gitler tez orada Bavariyada o‘z o‘rniga ega bo‘lgan siyosiy shaxsga aylandi.
1923-yil yanvarda Fransiyaning Rurni bosib olishi fonida Germaniyada inqiroz boshlandi. 1923-yil 26-sentabrda reyxkansler Gustav Shtrezeman boshchiligidagi yangi hukumat Fransiyaning barcha talablarini qabul qilishga majbur bo‘ldi va ham o‘ngchilar, ham kommunistlar hujumiga uchradi. Konservativ Bavariya vazirlar mahkamasi 26-sentabr kuni shtat hududida favqulodda holat joriy etilishini e’lon qildi va o‘ng qanot monarxist Gustav fon Karga diktatorlik vakolatlarini berib, Bavariya shtati komissari etib tayinladi. Kar Germaniyada prezident tomonidan joriy qilingan favqulodda vaziyatning Bavariya bilan bog‘liqligini tan olishdan bosh tortdi va Berlinning bir qator buyruqlarini, jumladan, NSDAP organini yopishni bajarmadi.
Gitler Mussolinining Rimga yurishi misolidan ilhomlanib, Berlinga yurish uyushtirishga qaror qildi. 1923-yil 8-noyabr kuni Myunxenning Byurgerbroykeller pivoxonasida Kar, Lossov va Seysser ishtirokida miting bo‘lib o‘tdi. Gitler “Berlinda xoinlar hukumati ag‘darilganligini” e’lon qildi. Fon Kar boshchiligidagi Bavariyaning yuqori darajali amaldorlari bu e’lonni qo‘llab-quvvatladi. Tunda NSDAP otryadlari Myunxenning ma’muriy binolarini egallab ola boshladi. Ammo oradan ko‘p vaqt o‘tmay fon Kar va uning tarafdorlari markaz bilan kompromissga kelishga qaror qiladi. 9-noyabrda Gitler o‘z tarafdorlarini markaziy maydonga olib chiqib, “Feldgerenxale”ga yo‘l olganda hukumat harbiy qismlari ularga qarshi o‘q ochishadi. Germaniya tarixida bu hodisalar “Pivo isyoni” nomi bilan qoldi.
1924-yilning fevral-mart oylarida qo‘zg‘olon boshchilari ustidan sud jarayoni boshlanadi. Sud Gitlerni 5 yillik qamoqqa mahkum qiladi, ammo 9 oydan so‘ng, 1924-yil 20-dekabrda, uni ozodlikka chiqarib yuborishdi.
Hokimiyat tomon yo‘l
Gitler yo‘qligida u tuzgan partiya tarqab ketdi. Gitler deyarli hamma narsani noldan boshlashi kerak edi. NSDAPni qayta tiklashda hal qiluvchi rolni shimoliy va shimoli-g‘arbiy Germaniyadagi o‘ng qanot ekstremistik harakatlarning rahbari Gregor Shtrasser o‘ynadi. U o‘z tarafdorlarini NSDAP safiga qo‘shib, partiyaning umummilliy siyosiy kuchga aylanishiga yordam berdi.1925-yil aprelda Gitler Avstriya fuqaroligidan voz kechdi. 1932-yil fevralgacha amalda u hech qaysi davlat fuqarosi emasdi. 1926-yilda u SAning yuqori rahbariyati “Gitleryugen”ga asos soldi.
1930 va 1932-yillarda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida natsistlarning yuqori ko‘rsatkichlari mamlakatning hukmron doiralarini NSDAPga hukumatda joy ajratish masalalarini jiddiy ko‘rib chiqishga majbur qildi. Ular Gitlerni partiya rahbarligidan chetlatishga va Shtrasserga ishonch bildirishga qaror qildi. Biroq Gitler tez orada sherigini partiyadagi barcha ta’siridan mahrum qilishga erishdi. Oxir-oqibat, Germaniya rahbariyati Gitlerga ma’muriy va siyosiy lavozim berishga qaror qildi.
1932-yil fevralda Gitler Germaniya Prezidenti sayloviga nomzod sifatida qatnashishga qaror qildi. 25-fevralda mamlakat ichki ishlar vaziri uni Braunshvaygda attashe lavozimiga tayinladi. Bu lavozim amalda Gitlerga hech qanday rasmiy vazifa yuklamasa-da, avtomatik ravishda Germaniya fuqaroligini va saylovlarda qatnashish imkonini berardi. Gitler opera xonandasi Paul Defrintdan notiqlik va aktyorlik bo‘yicha saboq oldi va natsistlar ulkan tashviqot kampaniyasini uyushtirdilar. Gitler saylov kampaniyalarida samolyotda sayohat qilgan birinchi nemis siyosatchisi bo‘ldi. 13-mart kuni bo‘lib o‘tgan birinchi bosqich saylovlarda Gitler 30,1% ovoz bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. 10-aprel kuni takroriy ovoz berishda Gindenburg 53%, Gitler esa 36,8% ovoz oldi.
1932-yil 4-iyunda Reyxstag tarqatib yuborildi. 7-iyulda bo‘lib o‘tgan saylovlarda NSDAP 37,8% ovoz bilan katta g‘alabani qo‘lga kiritdi va Reyxstagda qo‘shimcha 230 o‘rinni qo‘lga kiritdi. 1932-yil 6-noyabrda Reyxstagga yana saylovlar bo‘lib o‘tdi. Bu safar NSDAP 33,1% ovozga ega bo‘lib, 196 o‘rin bilan kifoyalandi. 1932-yil 3-dekabrda Kurt fon Shleyxer kansler etib tayinlandi.
1933-yil 4-yanvarda Gitlerning bankir Shrederning uyida siyosatchi Papen bilan uchrashuvi Uchinchi Reyxni yaratishga qo‘yilgan birinchi qadam edi. Gitler fon Papenga vitse-kansler lavozimini va Germaniya Xalq partiyasiga asosiy vazirliklarni taklif qildi. Fon Papen va Gindenburgning Gitler bilan ittifoqi Shleyxer hukumatini ajratib qo‘ydi. 1933-yil 28-yanvarda Shleyxer iste’foga chiqdi. Ayni paytda Gitler, Papen va Gindenburg hukumat tarkibini kelishib oldilar.
Gitler – davlat rahbari
1933-yil 30-yanvarda Gindenburg Shleyxerning iste’fosini qabul qildi va Gitlerni kansler etib tayinladi.
Ushbu tayinlov Gitlerga hali mamlakat ustidan to‘liq hukmronlikni taqdim etmagan edi. Birinchidan, Germaniyadagi har qanday qonun Reyxstag tomonidan qabul qilinishi mumkin edi va Gitler partiyasi unda yetarlicha ovozga ega bo‘lmagan. Ikkinchidan, partiyaning o‘zida ichki bo‘linish yuz berdi. Ernst Ryom boshchiligidagi bir guruh Gitlerga qarshilik ko‘rsata boshladi. Uchinchidan, Reyxkansler faqat kabinet rahbari hisoblanardi. Biroq atigi bir yarim yil ichida Gitler barcha to‘siqlarni olib tashladi va cheksiz diktatorga aylandi.
Ichki siyosat
Gitler davrida ishsizlik darajasi keskin kamaydi. Muhtoj aholiga gumanitar yordam ko‘rsatish bo‘yicha keng ko‘lamli tadbirlar boshlandi. Ommaviy madaniy va sport tadbirlari rag‘batlantirildi. Gitler tuzumi siyosatining asosini Birinchi Jahon urushi uchun qasos olishga tayyorgarlik tashkil etdi. Shu maqsadda sanoat qayta qurildi, yirik qurilish ishlari boshlandi va strategik zaxiralar yaratildi.Mamlakatda avval kommunistik, keyin sotsial-demokratik partiyalar taqiqlandi. Bir qator partiyalar o‘z-o‘zini tarqatib yuborishlarini e’lon qilishga majbur bo‘ldilar. Kasaba uyushmalari tugatildi, ularning mulki ishchilar frontiga o‘tkazildi. Yangi hukumatning muxoliflari sud va tergovsiz konsentratsion lagerlarga jo‘natildi.
Antisemitizm Gitler ichki siyosatining muhim qismi edi. Yahudiylarni ommaviy ta’qib qilish boshlandi. 1935-yil 15-sentabrda yahudiylar fuqarolik huquqlaridan mahrum qilindi. 1938-yilning kuzida butun nemis yahudiylari qatliomi tashkil etildi. Ushbu siyosatning cho‘qqisi butun yahudiy jamiyatini jismonan yo‘q qilishga qaratilgan “endlyozung” (yahudiylar masalasining yakuniy yechimi) operatsiyasi bo‘ldi. Gitler birinchi marta 1919-yilda e’lon qilgan bu siyosat yahudiylar genotsidi bilan yakunlandi.
Hududiy kengayishning boshlanishi
Hokimiyat tepasiga kelganidan ko‘p o‘tmay, Gitler Germaniyaning Versal shartnomasining harbiy bandlaridan chiqishini e’lon qildi. Tank qo‘shinlari yaratildi va harbiy aviatsiya tiklandi. Demilitarizatsiya qilingan Reyn zonasining maqomi bekor qilindi.1936-1939 yillarda Germaniya Gitler boshchiligida Ispaniya fuqarolar urushi frankistlariga katta yordam ko‘rsatdi. Bu vaqtda Gitler o‘zining og‘ir kasalligiga va tez orada vafot etishiga ishongan va rejalarini amalga oshirishga shoshilgan. U 1937-yil 5-noyabrda siyosiy, 1938-yil 2-mayda shaxsiy vasiyatnomasini yozdi.
“Time” jurnali 1939-yil 2-yanvar sonida Gitlerni “Yil odami-1938” deb atagan. “Yil odami”ga bag‘ishlangan maqolada quyidagi so‘zlar yangraydi: “Nemis xalqining fyureri, Germaniya armiyasi, floti va havo kuchlari bosh qo‘mondoni, Uchinchi reyxning kansleri Gitler”.
1939-yil mart oyida Chexiyaning qolgan qismi ishg‘ol qilindi, Litvaga qarashli Klaypeda (Memel viloyati) qo‘shib olindi. Shundan so‘ng Gitler Polshaga hududiy da’volar bilan murojaat qildi. Gitler o‘zining so‘nggi talabi Polshaning ittifoqchilari – Buyuk Britaniya va Fransiya bilan mojarolar uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkinligini hisobga olmadi.
Ikkinchi jahon urushi
1939-yil 23-avgustda Gitler Sovet Ittifoqi bilan o‘zaro hujum qilmaslik to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. 1-sentabrdagi Polshaga hujum Ikkinchi Jahon urushini boshlab berdi. Sentabr oyida Polshani mag‘lubiyatga uchratgan Germaniya 1940-yil aprel-may oylarida Norvegiya, Daniya, Gollandiya, Lyuksemburg va Belgiyani bosib olib, Fransiyaga bostirib kirdi. Iyun oyida Fransiya taslim bo‘ldi. 1941-yil bahorida Germaniya Gitler boshchiligida Gretsiya va Yugoslaviyani egallab oldi va 22-iyunda SSSRga hujum qildi.Biroq 1942-yil oxiridan boshlab nemis qo‘shinlari SSSRda va Misrda katta mag‘lubiyatlarga uchrashni boshladi. 1944-yilda deyarli butun Sovet hududi ozod qilindi, Qizil Armiya Polsha va Bolqonga kirib keldi. Bir vaqtning o‘zida Angliya-Amerika kuchlari Fransiyaning katta qismini ozod qildi. 1944-yil oktabr oyining oxirida janglar Reyx hududiga ko‘chdi.
Gitlerni o‘ldirishga urinishlar
Adolf Gitler hayotiga qasd qilishga qaratilgan birinchi muvaffaqiyatsiz urinish 1930-yilda “Kaiserhof” mehmonxonasida sodir bo‘lgan. Gitler o‘z tarafdorlari oldida nutq so‘zlaganidan so‘ng minbardan tushayotganida noma’lum kimsa yugurib kelib, uning yuziga zahar sepmoqchi bo‘lgan. Ammo Gitlerning qo‘riqchilari hujumchini vaqtida payqab, uni zararsizlantirgan.1932-yil 1-martda Myunxen atrofida to‘rt kishilik noma’lum shaxslar guruhi Gitler o‘z tarafdorlari oldida chiqish qilish uchun ketayotgan poyezdga qarata o‘q uzadilar. Gitler hech qanday zarar ko‘rmaydi.
1932-yil 2-iyunda bir guruh noma’lum shaxslar Shtralzund shahri yaqinidagi yo‘lda pistirmadan Gitler mashinasini o‘qqa tutadilar. Gitler yana jarohat olmaydi.
1932-yil 4-iyulda noma’lum shaxslar Nyurnbergda Gitler o‘tirgan mashinaga o‘q uzdilar. Gitler qo‘lidan kichik jarohat oldi.
1933-1938-yillar davomida Gitlerning hayotiga yana 16 marta muvaffaqiyatsiz suiqasd qilindi.
1938-yil 9-noyabrda “Pivo isyoni”ning 15 yilligiga bag‘ishlangan bayram paradida yana bir suiqasd besamar ketdi.
1939-yil 5-oktabrda Varshavada Gitler korteji yo‘liga 500 kilogramm portlovchi modda joylashtirdilar, ammo noma’lum sabablarga ko‘ra bomba portlamadi.
1939-yil 8-noyabrda Gitler har yili NSDAP faxriylari bilan uchrashadigan Myunxendagi pivoxonaga qo‘lbola portlovchi moslama o‘rnatildi. Portlash natijasida 8 kishi halok bo‘ldi va 63 kishi yaralandi, ammo qurbonlar orasida yana Gitler yo‘q edi.
1942-yil 15-mayda Polshada bir guruh odamlar Gitler ketayotgan poyezdga hujum qildi.
1943-yil 13-martda Gitler Smolenskka tashrif buyurganida uning samolyotiga sovg‘a sifatida konyak qutisida bomba joylashtirgan, bomba yana portlamagan.
1943-yil 21-martda Gitler Berlinda asirga olingan sovet harbiy texnikasi ko‘rgazmasiga tashrif buyurganida polkovnik Rudolf fon Gersdorff o‘zini Gitler bilan birga portlatishi kerak edi. Biroq fyurer ko‘rgazmani muddatidan oldin tark etdi va Gersdorff detonatorni zararsizlantirishga zo‘rg‘a ulgurib qoldi.
1944-yil 14-iyulda ingliz maxfiy xizmatlari Gitlerni jismoniy yo‘q qilishga qaratilgan “Foksli” operatsiyasini o‘tkazmoqchi edilar. Reja tasdiqlanmay qoldi va amalga oshmadi.
1944-yil 20-iyulda Gitlerni o‘ldirish va ittifoqchi kuchlar bilan tinchlik o‘rnatish maqsadida uyushtirilgan suiqasdda bomba portlashi natijasida 4 kishi halok bo‘ldi, biroq Gitler omon qoldi. Shunday bo‘lishiga qaramay, ushbu voqea uning sog‘lig‘iga jiddiy putur yetkazdi: o‘ng qo‘li jiddiy shikastlandi, boshining orqa qismidagi sochlar kuyib ketdi va o‘ng quloq pardalari yirtilib ketdi.Fyurerning o‘limi
Ittifoqchilar va SSSR kontrrazvedka idoralari va tegishli xizmatlar tomonidan so‘roq qilingan guvohlarning ko‘rsatmalariga ko‘ra, 1945-yil 30-aprelda Berlinda Sovet qo‘shinlari qurshovida Gitler rafiqasi Yeva Braun bilan birga o‘z joniga qasd qildi. Sovet tarixshunosligida Gitler zahar bilan o‘z joniga qasd qilgan deb hisoblanadi. Biroq guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, u o‘zini otib tashlagan. Shuningdek, Gitler zahar ampulasini tishlab, bir vaqtning o‘zida o‘zini to‘pponchadan otib o‘ldirgan degan versiya ham mavjud. Gitlerga xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning guvohliklariga ko‘ra, 30-aprel kuni tushlikdan so‘ng Gitler yaqinlari bilan xayrlashgan va ular bilan qo‘l berib xayrlashib, rafiqasi Yeva Braun bilan birga o‘z kvartirasiga yo‘l oladi, tez orada u yerdan o‘q ovozi eshitiladi. Gitlerning xizmatkori Haynts Linge fyurerning adyutanti Otto Gyunshe, Gebbels, Bormann va Axman hamrohligida Fyurerning kvartirasiga kiradi. Ular divanda yotgan Gitlerning jasadini askar adyoliga o‘rab, Reyxkanslerlari bog‘iga olib borishadi. Jasadlar yoqib yuboriladi.
1945-yil 5-mayda jasadlar tasodifan topib olinadi. Tibbiy polkovnik F. I. Shkaravskiy qoldiqlarni o‘rganish bo‘yicha ekspertlar komissiyasiga boshchilik qiladi. Qoldiqlar Gitlerning tanasi ekanligi Gitlerning tish shifokori Kete Hoyzerman yordamida tasdiqlangan. U jasadning protezlari Gitlerniki bilan o‘xshashligini tasdiqladi. Biroq sovet lagerlaridan qaytib kelgach, u o‘z ko‘rsatmalaridan voz kechdi. 1946-yil fevral oyida tergov bo‘limi Gitler va Yeva Braunlarning jasadlari sifatida aniqlangan qoldiqlarni NKVD bazalaridan birida ko‘mdi. Ushbu bazaning hududi GDRga o‘tkazilishi kerak bo‘lganda Andropovning taklifiga binoan qoldiqlar qazib olinib, yoqib yuborilib, kuli Elbaga tashlangan. Faqat protezlar va Gitlerning bosh suyagining o‘q yegan qismi saqlanib qolgan bo‘lib, ular Rossiya arxivlarida Gitler o‘z joniga qasd qilgan divan bilan birga qon izlari bilan saqlanadi. FSB arxivi rahbari o‘z intervyusida protezning haqiqiyligi bir qator xalqaro ekspertizalar bilan isbotlanganligini aytadi. Biroq Gitlerning biografi Verner Mazer ushbu bosh suyagining bir qismi haqiqatan ham Gitlerga tegishli ekanligini rad qiladi. 2009-yil sentabr oyida Konnektikut universiteti tadqiqotchilari DNK tahlillari natijalariga ko‘ra bosh suyagi 40 yoshga to‘lmagan ayolga tegishli ekanligini ta’kidladilar. FSB vakillari ushbu bayonotni rad etdi.
2017-yil iyul oyida FSB ruxsati bilan Versal-Sen-Kventin-en-Ivelin universiteti olimlari guruhi Adolf Gitlerning tish parchalari ustida tadqiqot olib borish huquqiga ega bo‘ldi. Jamoa rahbari, professor Filipp Sharlening aytishicha, tishlar haqiqatan ham Gitlerga tegishli. “European Journal of Medicine” ilmiy jurnalida chop etilgan maqola Gitlerning 1945-yil 30-aprelda vafot etganligi haqidagi umumiy qabul qilingan nazariyani tasdiqlaydi. Gitlerning tishlaridan porox izlari topilmagan – demak u og‘ziga emas, peshonasiga yoki bo‘yniga o‘q uzgan, degan xulosaga kelishdi olimlar. Maqola mualliflarining fikriga ko‘ra, bu tadqiqotlar Gitler urushdan keyin tirik qolgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi barcha afsonalarni yana bir bor yo‘q qildi.
Adolf Gitler haqida ba’zi bir qarashlar
Ko‘pgina biograflarning fikriga ko‘ra, Gitler 1931-yildan to vafotigacha vegetarian bo‘lgan. U chekishga ham salbiy munosabatda bo‘lgan, shu sababdan ham fashistlar Germaniyasida bu odat bilan kurash boshlangan.U chet tilidagi so‘zlarni ishlatishni yaxshi ko‘rgan. Gitlerning shaxsiy shifokori Fon Xasselbaxning so‘zlariga ko‘ra, u har kuni kamida bitta kitob o‘qigan.
1936-yilda Gitler kanslerligi davrida Germaniya IV qishki Olimpiya o‘yinlari va XI yozgi Olimpiya o‘yinlariga mezbonlik qilgan. Gitler Olimpiya o‘yinlarini ikki marta ochib bergan dunyodagi birinchi siyosatchi edi.
Gitlerning hayotligida olingan hozirgacha ma’lum bo‘lgan so‘nggi fotosurat 1945-yil 20-aprelda – uning tug‘ilgan kunidan sal oldin olingan.
Gitler obrazi ko‘plab badiiy filmlarda aks etgan. Ulardan ba’zilarida Gitler shaxsi bosh qahramon rolida keladi: “Gitler: So‘nggi o‘n kunlik”, “Bunker”, “Gitler: Iblisning ko‘tarilishi”, “Mening kurashim” va boshqalar.
“U jangchi, butun insoniyat uchun kurashgan kurashchi, umumbashariy adolat voizi edi. Gitler ulkan islohotchi bo‘lgan, ammo uning tarixiy taqdiri shunday bo‘lganki, u misli ko‘rilmagan vahshiyliklar davrida yashagan va bu uni yiqitgan” deydi norvegiyalik yozuvchi, “Nobel” mukofoti laureati Knut Gamsun.
Dilbar Ismatullayeva tayyorladi
Izoh (0)