AQSh sobiq vitse-prezidenti (1977–1981) Uolter Mondeyl 93 yoshida vafot etdi. Bu haqda uning oilasi vakiliga asoslanib, The New York Times gazetasi xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, siyosatchi 19-aprel kuni Minneapolisdagi uyida vafot etdi. O‘lim sababi ma’lum qilinmagan.
AQSh siyosiy hayotida aynan Mondeyl rahbarligi davrida vitse-prezidentlik roli oshgan. U AQShning 39-prezidenti Jimmi Karterning eng muhim uchrashuvlarida ishtirok etgan va mamlakatdagi eng nufuzli kishilardan biriga aylangan.
Demokrat Uolter Mondeyl 1928-yil 5-yanvarda Minnesota shtati Silon shahrida tug‘ilgan. U avvaliga o‘z shtatining bosh prokurori, undan keyin senator bo‘lgan.
U 1977-yilda Jimmi Karter ma’muriyatining vitse-prezidenti bo‘ldi. Karter 1980-yilda ikkinchi muddatga prezidentlik uchun saylovda qatnashdi, ammo Ronald Reyganga yutqazdi. 1984-yilda Uolter Mondeyl demokratlar tomonidan prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatildi, ammo u ham yangi muddatga qayta saylangan Reyganga yutqazdi. Mondeyl prezidentlikka nomzodini qo‘yganda uning o‘rniga vitse-prezident bo‘lish uchun Jeraldin Ferraro — AQSh tarixidagi ushbu lavozimga ikki yirik partiyadan birining vakili bo‘lgan birinchi ayol o‘z nomzodini ko‘rsatgan. Mondeyl 1993—1996-yillarda AQShning Yaponiyadagi elchisi bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, 9-aprel kuni qirolicha Yelizaveta II ning turmush o‘rtog‘i shahzoda Filipp 99 yoshida olamdan o‘tdi. 18-aprel, yakshanba kuni Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning otasi Malikguli Berdimuhamedov 89 yoshida vafot etdi. Shuningdek, amerikalik tadbirkor, Adobe asoschilaridan biri 81 yoshli Charlz Geshke 16-aprel kuni vafot etdi.
Izoh (0)