Germaniyaning Alternativa populistik o‘nglar partiyasi 2021-yilning sentabr oyiga rejalashtirilgan Bundestag saylovlarida qatnashish dasturini qabul qildi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.
Partiya qurultoyida delegatlar rahbariyat taqdim etgan dastur loyihasining ayrim shartlarini sezilarli darajada qat’iylashtirdi. Qurultoy ishtirokchilarining ko‘pchilik qismi Germaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishi tarafdori ekanini bildirgan.
“Biz Germaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishini, shuningdek, yangi Yevropa iqtisodiy hamjamiyati va manfaatlar bo‘yicha hamjamiyatni tashkil etish zarur deb hisoblaymiz”, — deyiladi dasturda.
Radikal siyosiy kuchlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan partiyaning yana bir keskin talabi qochqinlar oilasining birlashtirilishiga qo‘yilgan taqiq bo‘ldi. Bundan tashqari, dastur Germaniya chegaralaridagi nazoratni va “jismoniy to‘siqlar”ni qayta tiklashni, shuningdek, umummilliy referendum, yevrodan voz kechish, minoralarning taqiqlanishi va an’anaviy oilalarning qo‘llab-quvvatlanishini o‘z ichiga oladi.
Shu bilan birga o‘ng qanot populistlari rezolyutsiyada COVID-19’ga qarshi kurash siyosati to‘g‘risidagi qarorda lokdaunning tugashini talab qilib, Germaniya hukumatini “qo‘rqitish siyosati”ni olib borganlikda ayblamoqda. Radikallar vaksina olishga va koronavirus testini topshirishga “bilvosita” majburlashni hamda niqob taqish tartibini rad etmoqda.
Izoh (0)