Rossiyaning Vladimir viloyatidagi 2-sonli axloq tuzatish koloniyasida jazo o‘tayotgan Aleksey Navalniy ikki hafta ichida oltita tanbeh oldi. Bu haqda siyosatchi nomidan Facebook sahifasiga joylangan postda ma’lum qilindi, deb yozadi Meduza.

Foto: NEWSru.com

“Ikki marta tanbeh olsangiz, jazo kamerasi (rejimni buzuvchilar saqlanadigan kamera)ga yuborilishingiz mumkin, ammo bu juda yoqimsiz, chunki u yerdagi sharoit deyarli qiynoq bilan barobar”, — deyiladi postda.

Unda tanbehning ba’zi sabablari sanab o‘tilgan, jumladan, Navalniy “o‘rningdan tur” buyrug‘idan 10 daqiqa oldin yotoqdan turgan va “advokatlar bilan uchrashuvda futbolka kiygan”.

Vladimir viloyatining Pokrov shahridagi 2-sonli axloq tuzatish koloniyasi — bu qizil koloniya deb atalib, ma’muriyat mahbuslarni to‘liq nazorat qiladigan axloq tuzatish muassasasi hisoblanadi.

25-mart kuni Navalniyning advokatlari koloniyada siyosatchining sog‘lig‘i yomonlashib, yelkasi, so‘ng oyog‘i og‘rib qolgani, ammo unga kerakli tibbiy yordam ko‘rsatilmagani haqida xabar berdi. Federal jazoni ijro etish xizmati o‘z navbatida, Navalniyning ahvolini “barqaror va qoniqarli deb baholaganini” ma’lum qildi.

Navalniy, shuningdek, tergov hibsxonasidagi kabi bu yerda ham “qochishga moyil” maqomini olgani, tunda og‘riqlardan har soatda uyg‘onishini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, Aleksey Navalniy “Novichok”dan zaharlanganidan keyin Germaniyada davolanib qaytgach, 2021-yil 17-yanvarda Jazoni ijro etish federal xizmati talabiga ko‘ra Sheremetyevo aeroportida hibsga olingan. 2-fevralda Moskvadagi Simonov sudi Navalniyga nisbatan “Iv Roshe” ishi bo‘yicha shartli muddatni qamoq jazosiga almashtirgan. Navalniy ma’lum muddat tergov izolyatorida bo‘lgani va uy qamog‘ida ham saqlangani inobatga olingan holda unga ikki yarim yildan ko‘proq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. U Vladimir viloyatidagi IK-2 qamoqxonasida jazo muddatini o‘tamoqda.