Bortida Aleksey Navalniy va germaniyalik shifokorlar bo‘lgan samolyot Omskdan Berlinga uchib ketdi. Bu haqda siyosatchining matbuot kotibi Kira Yarmish o‘zining Twitter’dagi sahifasi orqali ma’lum qildi.

Foto: Twitter / Kira Yarmish

“Bortida Aleksey bo‘lgan samolyot Berlinga uchib ketdi. Qo‘llab-quvvatlagan barchaga rahmat. Alekseyning sog‘lig‘i va hayoti uchun kurash endi boshlanyapti, hali oldinda ko‘p narsalardan o‘tish kerak, biroq birinchi qadam amalga oshirildi”, — deb yozadi Yarmish.

Evakuatsiya uchun mo‘ljallangan tibbiyot samolyoti Omskdagi aeroportdan mahalliy vaqt bilan soat 08:00 da havoga ko‘tarilgan.

Eslatib o‘tamiz, Navalniyning ahvoli 20-avgust kuni Tomsk—Moskva reysida parvoz vaqtida yomonlashgan. Samolyot Omskka favqulodda qo‘ngan va siyosatchi tez yordam mashinasida kasalxonaga olib ketilgan. U komaga tushgan.

Omsklik shifokorlar 21-avgust kuni ertalab Navalniyning holati barqaror bo‘lmagani uchun Germaniyaga jo‘natishga rozilik bermagan. Germaniyada Berlindagi Charite klinikasi Navalniyni qabul qilishga tayyorligini bildirgan. Biroq keyinroq shifokorlar bemorni nemis klinikasiga yuborishga rozilik bergan edi.