Moskvada, shuningdek, yana boshqa shaharlarda ham muxolifatchi Aleksey Navalniyni qo‘llab-quvvatlab fleshmoblar o‘tkazildi: odamlar kechqurun ko‘p qavatli uylar hovlisiga chiqib, o‘z mobil telefonlaridagi fonarlarni yoqdi, deb xabar beradi “RBK”. Aksiyalar “Sevgi qo‘rquvdan kuchli” degan umumiy nom ostida bo‘lib o‘tdi.

Foto: “TASS”

Aksiyalarda Moskva, Sankt-Peterburg, Krasnodar, Novosibirsk, Omsk, Yekaterinburg va boshqa shaharlardagi aholining bir qismi qatnashdi.

15-fevral yarim tunga kelib, Twitter’da #sevgiqo‘rquvdankuchli xeshtegi ostida 28,5 mingta, Instagram’da esa 10,2 mingta post yig‘ildi.

Shu kuni Moskva markazida birdamlik zanjiriga ham tizilishdi. Uning ishtirokchilari shu tariqa avvalgi namoyishlarda qatnashib, Saxarovo qishlog‘idagi izolyatorga tushgan kishilarni, shuningdek, Navalniyning rafiqasi Yuliyani qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Shunday aksiya Peterburgda ham bo‘lib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy shtablari rahbari Leonid Volkov siyosatchining safdoshlari 14-fevral kuni norozilik aksiyasini o‘tkazishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgan, “Rossiyaning katta shaharlari”da yashovchilarga kechqurun hovliga chiqib, telefonlaridagi chiroqlarni yoqish va shu holatda bir necha daqiqa turish taklif etilgan edi. So‘ng aksiyada suratga tushib, uni ijtimoiy tarmoqqa joylash lozim. “Hech qanaqa OMON, hech qanaqa qo‘rquv bo‘lmaydi. Balki, sizga bu 15 daqiqa hech narsani o‘zgartirmaydigandek ko‘rinishi mumkin. Aslida esa u hamma narsani o‘zgartiradi”, — deb yozgandi Volkov.

14-fevraldagi aksiyalardan ikki kun avval Moskva politsiyasi fuqarolarga ruxsat berilmagan norozilik namoyishlariga chiqmaslikni tavsiya qilgan va bunday tadbirlarda qatnashganlik uchun ma’muriy javobgarlik, ba’zi hollarda esa jinoiy javobgarlik ko‘zda tutilganini eslatdi.

Berlindan Moskvaga qaytganidan so‘ng darhol hibsga olingan Aleksey Navalniyni qo‘llab-quvvatlovchi aksiyalar 23 va 31-yanvar kunlari Rossiyaning ko‘plab shaharlarida bo‘lib o‘tdi. Norozilik aksiyalarida rekord darajada ko‘p odam qo‘lga olindi, o‘nlab jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

2-fevral kuni sud “Iv Roshe” ishi bo‘yicha Navalniyga chiqarilgan shartli muddatni haqiqiysiga o‘zgartirish haqida qaror qabul qilganidan keyin siyosatchining tarafdorlari Moskva markazida aksiya uyushtirdi, uning ishtirokchilari ham politsiya tomonidan qo‘lga olindi. 5-fevral kuni Leonid Volkov yaqin vaqtlar ichida Navalniyni qo‘llab-quvvatlab namoyishlar o‘tkazilmasligini e’lon qildi. 8-fevral kuni e’lon qilingan murojaatda ham Volkov yaqin orada norozilik aksiyalari rejalashtirilmayotganini aytgan edi.