MIB Namangan viloyat boshqarmasi alimentdan qarzdorligi bo‘lgan 206 nafar fuqaroga nisbatan qidiruv e’lon qildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.
Byuroning qidiruv sho‘basi tomonidan olib borilgan tezkor harakatlar davomida oxirgi uch oy davomida ulardan 56 nafarini topish choralari ko‘rildi.
— Qidiruvdagilardan 7 nafari xorijdan, asosan, Rossiyadan, 49 nafari esa Toshkent shahri va boshqa viloyatlardan topildi. Ular orasida aliment to‘lovidan katta summada qarzdor bo‘lib qolganlar ham bor, — deydi sho‘ba katta inspektori Azizbek Qosimov.
Qosimovga ko‘ra, qidiruv odatda bir yilga e’lon qilinadi. Natija bermagan taqdirda yana uch oyga uzaytirilishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Namanganda 2021-yilning o‘tgan vaqti davomida aliment to‘lovi bo‘yicha qidiruvda bo‘lganlardan 112 million so‘mdan ortiq mablag‘ undirilgan. Ulardan 5 nafariga ma’muriy javobgarlik masalasi ko‘rib chiqilib, qamoq jazosi qo‘llanilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Namanganda alimentdan qarzdorligi bo‘lgan 20 mingga yaqin kishining mamlakat hududidan chetga chiqishi vaqtincha cheklangani ma’lum qilingandi.
Izoh (0)