Samarqand viloyati Urgut tumanida Yangi yil bayrami kuni mast holda xotinini o‘ldirgan erkakka sud hukmi o‘qildi, deya xabar bermoqda O‘zA.
Qayd etilishicha, Urgut tumani “Oqmachit” mahallasida yashovchi, 1985-yilda tug‘ilgan K.O. 2021-yil 1-yanvar kuni soat 16:30 da o‘zining yashash xonadonida spirtli ichimlik iste’mol qilib, mast holda turmush o‘rtog‘i S.K. bilan tortishib qoladi va oqibatda uni bo‘g‘ib, o‘ldirib qo‘yadi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tuman sudining o‘tkazilgan ochiq sud majlisida ushbu jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Sudya A.A.ning raisligida o‘tgan sudda Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan ayblangan K.O.ga 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Ta’kidlanishicha, er-xotinning uch nafar voyaga yetmagan farzandi bo‘lgan.
Bundan avval Andijonda qo‘shnisi bilan janjallashib qolib, uni o‘ldirgan shaxs 16 yarim yilga qamalgani, Farg‘onada er Turkiyaga ketmoqchi bo‘lgan xotinini rashk sabab o‘ldirib qo‘ygani hamda Navoiyda mast fuqaro uyiga kelgan mehmonni pichoqlab o‘ldirgani haqida xabar berilgandi
Izoh (0)