O‘zbekiston aholisining atigi 10 foizi 4G interneti bilan qamrab olingani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi direktori Elmurod Hayitmetov 15-mart kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tdi.
Elmurod Hayitmetovning aytishicha, agentlik tomonidan davlat aloqa inspeksiyasi bilan birgalikda uyali aloqa kompaniyalari qamrovi o‘rganilgan. O‘rganish natijasida mamlakatda 13 mingga yaqin aholi punkti mavjudligi, ularning 90 foizi 2G, 35-36 foizga yaqini 3G va atigi 10 foizi 4G internet tezligi bilan qamrab olingani ma’lum bo‘ldi.
Bu tahlillar o‘z navbatida tegishli mutasaddi idoralarga taqdim etilgan.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi direktorining ta’kidlab o‘tishicha, O‘zbekistonda 30 milliondan ortiq kishi uyali aloqa xizmati abonenti hisoblanadi. Agentlik tomonidan ularning huquqlarini himoya qilish borasida ko‘plab ishlar amalga oshirilgan.
Xususan, uyali aloqa kompaniyalarining biriga 35 milliard so‘mga yaqin jarima qo‘llanilgan, iste’molchilarning ruxsatisiz, ular talab qilmagan xizmatlarga ulab qo‘yilgan 2 millionga yaqin abonentlarning haq-huquqlari tiklangan va 35 milliard so‘mga yaqin mablag‘ ularning hisob raqamlariga qaytarilgan.
Izoh (0)