Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov respublika OTMlaridagi aloqa telefonlarining holatini tanqid qilib, tizimdagi kishilar bir-birlari bilan qo‘l telefonlari orqali ish bitirayotganini, bu esa oddiy aholining muassasa bilan aloqalarini cheklab qo‘yayotganini ta’kidladi.
“Menga shikoyat tushyapti: birorta oliy ta’lim muassasasining shahar telefonlari yoki hech kim ko‘tarmaydi, ko‘tarsa ham, muomalasi qo‘pol.
OTMlardan talab qilamiz — hammada shahar telefoni ishlasin, menga qo‘l telefonida qo‘ng‘iroq qilmanglar. Bir vaqtlar TerDUga borganimda muassasada 92 para shahar telefonining birortasi ham ishlamas edi. Hamma ish qo‘l telefoni orqali bitirilardi.
Bu — davlatning, hukumatning bir idorasi, vazirlik”, — degan u soha mutasaddilari bilan bo‘lib o‘tgan yopiq majlisda.
Abduqodir Toshqulov ikki haftada vazirlikdan tortib hamma rektor va prorektorlarning shahar telefoni, yordamchi telefoni kiritilgan abonent kitobchasini tayyorlab, hamma OTMlarga bepul tarqatishni topshirgan.
“Mening stolimda ham shu kitobchadan turadi. Men ham shu raqamlar orqali bog‘lanaman, tekshirib ko‘raman”, — deb ta’kidlagan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri.
Avvalroq Abduqodir Toshqulov oliy ta’lim muassasasida hammasini isloh qilish uchun atigi 3 oy yetarli ekanini aytgani, vazifasiga sovuqqonlik bilan yondashgan bir qator rektorlarni tanqid qilgani haqida xabar berilgan edi.
Shuningdek, talaba qizlarning xorijlik mehmonlarni kutib olishga jalb qilinishiga munosabat bildirib, bu holatni majburiy mehnatning bir ko‘rinishi deb atagan, “Nega mening gul qizlarim gul ko‘tarib chiqishi kerak? U yerga ham o‘zingizni farzandingizni qo‘yib ko‘ring”, — deb aytgandi.
Izoh (0)