Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov talaba qizlarning xorijlik mehmonlarni kutib olishga jalb qilinishi masalasiga munosabat bildirdi.

Foto: Termiz davlat universiteti matbuot xizmati

“Bizning vazir o‘rinbosarimiz ham katta xatoga yo‘l qo‘ygan. Eng yomon ko‘rganim shu, xorijdagi mehmonlarni kutib olish (fon) uchun nega mening gul qizlarim gul ko‘tarib chiqishi kerak? U yerga ham o‘z farzandingizni qo‘yib ko‘ring. Bu bo‘yicha alohida buyruq qilamiz. Buni majburiy mehnatga tenglashtiramiz. Bu – majburiy mehnatning bir ko‘rinishi. Ya’ni u qizlar xohlab borayotgani yo‘q. Sovuqda, darsdan chiqib, to‘garakka borish kerak bo‘lgan vaqt yoki dam olish vaqti adras ko‘ylakni kiyib, gul ko‘tarib borish qaysi qizga yoqadi? Bo‘lmagan narsa u. Tarjimon bo‘lsa, tushunaman, turizmda o‘qisa, tushunaman.

Stadionni to‘ldirish uchun ham talaba, fon uchun talaba, festival bo‘lsa talaba… Hamma joy huquqiy qolipga tushishi shart. Talaba o‘qishi kerak. Kerak bo‘lsa, to‘yib uxlashi kerak, talabaning shaxsiy hayotiga aralashishga haqqimiz yo‘q”, — degan Abduqodir Toshqulov 8-fevral kuni birinchi bor rektorlar bilan Zoom orqali o‘tkazgan yig‘ilishda.

Eslatib o‘tamiz, ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziriga poytaxtga keladigan bir qator oliy martabali mehmonlarni kutib olishda amaliy yordam berishni so‘rab yo‘llagan rasmiy xatining namunasi tarqaldi. Unda mehmonlarni kutib olish uchun 50 nafar talaba qizlarning ro‘yxati, fotosurati va ma’lumotlarini 5-fevralgacha taqdim etish so‘ralgan. Tavsiya etiladigan talaba qizlarning bo‘y-basti, tashqi ko‘rinishi, tarbiya va odobi, chet tillarini bilish qobiliyatiga alohida e’tibor qaratish maqsadga muvofiqligi ham qayd etilgan.

Keyinroq oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Yusuf Absoatov nomidan Toshkentdagi OTM rektorlariga xorijlik mehmonlarni kutib olish va kuzatishda guldasta taqdim etishlari uchun talaba qizlar ro‘yxatini 5-fevralgacha taqdim qilishni so‘rab yo‘llagan xati namunasi tarqalib, keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, Termiz davlat universiteti rektori lavozimida ishlab kelgan Abduqodir Toshqulov 14-yanvar kuni oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri etib tayinlangandi. Shavkat Mirziyoyev sobiq oliy ta’lim vaziri Inomjon Majidov (O‘zbekiston Milliy universitetiga rektor bo‘ldi) tizimda o‘zgarishlar qilolmagani uchun lavozimidan ozod etilganini aytgandi.