Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan yondashgan rektorlarni tanqid qildi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Foto: Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati

Qayd etilishicha, rektorlar, prorektorlar va tizimdagi boshqa mas’ul rahbarlar bilan birinchi yig‘ilishi kengaytirilgan tarkibda videokonferensiya tarzida o‘tkazilib, unda oliy ta’limning hozirgi holati, muammolar va tizimni yaxshilash bo‘yicha dolzarb vazifalar muhokama qilindi.

Tanqidiy ruhda va atigi bir soat davom etgan yig‘ilishda vazirning qisqa fursatda Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro va Farg‘ona viloyatiga qilgan xizmat safari davomida hududdagi OTMlar jamoasi va talabalar bilan bo‘lgan muloqot, o‘quv jarayonlari va yaratilgan sharoitlarni o‘rganish tafsilotlariga to‘xtalib o‘tildi.

Foto: Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati

Ayniqsa, Qo‘qon davlat pedagogika institutida o‘quv auditoriyalarining ayanchli holati, eski o‘quv reja va dasturlar bilan ishlayotgan pedagoglar, institutning moddiy imkoniyati mavjud bo‘lsa-da, ahvolni o‘zgartirishga harakat qilmayotgan institut rahbariyati tanqid qilinib, o‘z ishiga sovuqqonlik bilan qaragan mas’ullar faoliyatiga huquqiy baho berish bo‘yicha topshiriq berildi.

Yig‘ilishda o‘quv jarayonlariga zamonaviy AKTni joriy etish, ARMlar elektron tizimidagi muammolar, OTMlarda hanuzgacha saqlanib qolayotgan korrupsion holatlar, jumladan, nomdor davlat stipendiyalariga nomzodlarni saralashda ayrim OTM mas’ullari tomonidan adolatsiz yondashilgani, xususan, nepotizm holatlariga yo‘l qo‘yilganligi yuzasidan shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda e’tirozlar bildirilayotgani aytilib, holatni o‘rganish va oydinlik kiritish maqsadida ishchi guruh tuzilishi bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.

Eslatib o‘tamiz, Termiz davlat universiteti rektori lavozimida ishlab kelgan Abduqodir Toshqulov 14-yanvar kuni oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri etib tayinlangandi. Shavkat Mirziyoyev sobiq oliy ta’lim vaziri Inomjon Majidov (O‘zbekiston Milliy universitetiga rektor bo‘ldi) tizimda o‘zgarishlar qilolmagani uchun lavozimidan ozod etilganini aytgandi.