Fevral oyining ilk haftasini ham yakunladik. Xo‘sh, hafta bizga nimalarni taqdim etdi? “Daryo” hafta davomida jahonda yuz bergan eng muhim voqealarni esga oladi.
Qamalgan Navalniy
Yanvar oyidan buyon muhokamalr markazida bo‘lib kelayotgan mavzu, ya’ni Rossiyalik siyosatchi Aleksey Navalniyning hibsga olinishi fevral oyida uning 3,5 yilga ozodlikdan mahrum etilishi bilan davom etmoqda. Gap shundaki, 17-yanvar kuni hibsga olingan Aleksey Navalniyga nisbatan Moskvaning Simonov tumani sudi 3,5 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinladi.Hukm qonuniy kuchga kirguniga qadar Navalniy qamoqda ushlab turiladi. Siyosatchining himoyachilari qaror yuzasidan shikoyat qilishga tayyorligini bildirgan.
Sayyor majlis davomida Jazoni ijro etish federal xizmati vakili Navalniyning shartli ravishda jazoni ijro etish vaqtida 50 marta qoidabuzarlik sodir etgani, jumladan, idorada ro‘yxatdan o‘tmagani, jazoni ijro etishdan bosh tortganini bildirgan. Prokuratura ham xizmat qayd etgan holatlarni tasdiqlagan. Siyosatchining advokatlari xizmat da’vosini rad etishni taklif qilgan.
Moskva shahar sudida o‘tgan majlis vaqtida sud binosiga kelgan 300 dan ziyod odam hibsga olingan.
AQSh tezkorlik bilan hech qanday shartlarsiz siyosatchi Aleksey Navalniyni ozodlikka chiqarishni talab qilmoqda. Bu haqda mamlakat davlat kotibi Entoni Blinken bayonot bilan chiqish qilgan.
Shuningdek, Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Dominik Raab ham Navalniyni zudlik bilan ozod qilish haqida bayonot bergan. Bundan tashqari, AQSh prezidenti Jo Bayden ham Navalniyning ozod qilinishini talab qilgan. Ortidan mamlakat Kongressiga senatorlar tomonidan Navalniy ishi bo‘yicha Rossiyaga qarshi qaratilgan sanksiylar loyihasi kiritildi.
Navalniy qamalganidan keyin, uning shtabi siyosatchining o‘z tarafdorlariga yo‘llagan murojaatini taqdim qildi.
“Men, albatta, quyidagi iborani ko‘p marta eshitganman: ‘Ichkarida erkin bo‘lgan odamni erkinlikdan mahrum qilish mumkin emas’. Va endi men o‘zimdan so‘rayapman: Xo‘sh, qanday bo‘lyapti? Ishoning, (menda) aynan shunday bo‘lyapti. Mening orqamdan temir eshiklar yopildi, lekin men o‘zimni erkin odamdek his qilyapman. Siz o‘zingizning haq ekaningizga bo‘lgan ishonchingiz sababli shunday bo‘lyapti. Qo‘llab-quvvatlov uchun tashakkur. Oilangiz ko‘magi uchun tashakkur”, – deydi Navalniy.
Navalniyning tarafdorlari va mahalliy muvofiqlashtiruvchilar 23 va 31-yanvardagi mitinglar tufayli hibsga olingani sababli u yerlarda aksiyalarni tashkillashtiradigan odamlar yo‘qligi uchun hukumatga qarshi aksiyalar to‘xtatilishi ma’lum qilindi.
Myanmadagi davlat to‘ntarishi
Hafta boshida Myanma respublikasida davlat to‘ntarishi amalga oshirildi. Prezident va davlat maslahatchisi qo‘lga olindi, shundan keyin mamlakat Qurolli kuchlari bir yilga favqulodda holat e’lon qildi.Qo‘lga olinganlar orasida partiya Markaziy ijroiya qo‘mitasi a’zolari, deputatlar va hukumat a’zolari bor, deb xabar qiladi Associated Press. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Aun San Su Chji uy qamog‘ida saqlanmoqda.
AQSh hukumati Myanmada Aun San Su Chji va boshqa mansabdorlar qo‘lga olingani yuzasidan xavotir bildirdi. Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki ma’lum qilishicha, Vashington mamlakatda yaqinda bo‘lib o‘tgan saylovlar natijasini o‘zgartirish bo‘yicha har qanday urinishlarga qarshi chiqadi.
U, shuningdek, myanmalik harbiylarni qo‘lga olinganlarni ozod qilishga chaqirdi va choralar qo‘llash bilan tahdid qildi.
To‘ntarishdan keyin harbiylar mamlakatga vaqtinchalik prezident tayinlagan. Bu mamlakat Qurolli kuchlar bosh qo‘mondoni Min Aung Xlaynudir. Sobiq general U Myint Sve esa Demokratiya uchun milliy liga rahbarligidagi hukumatda Qurolli Kuchlarga vakillik qilish uchun harbiylar tomonidan vitse-prezident deb e’lon qilindi.
“Mamlakat qonunchilik, ma’muriy va sud vakolatlari 2008-yilgi Konstitutsiyaning 418-moddasiga muvofiq Qurolli Kuchlar bosh qo‘mondoniga o‘tkaziladi, saylovdagi qonun buzilishlariga qarshi choralar ko‘rilmagunicha, mamlakat harbiylar tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi”, — deyiladi bayonotda.
Mamlakat yetakchilari hibsga olingach hokimiyatni qo‘lga olgan Myanma Qurolli kuchlari favqulodda holat bekor qilingandan so‘ng yangi saylovlar o‘tkazish rejasini e‘lon qildi. Harbiylar, shuningdek, o‘tgan yilgi saylov natijalarini qayta tekshirish uchun saylov komissiyasini isloh qilishga va yangi saylovlardan so‘ng hokimiyatni saylangan partiyaga topshirishga va’da berdi.
Davlat to‘ntarishiga sabab qilib o‘tgan yilgi saylovlardagi soxtaliklar va saylov komissiyasining harakatsizligi ko‘rsatildi. 2020-yil noyabrda bo‘lib o‘tgan saylovlarda “Demokratiya uchun milliy liga” partiyasi hukumat tuzish uchun yetarlicha ovoz to‘plagan, harbiylar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan partiya esa mag‘lub bo‘lgan.
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish qurolli kuchlarning harakatlarini “Myanmada amalga oshirilgan demokratik islohotlarga jiddiy zarar yetkazish” deya qoraladi. Shuningdek, AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Myanma davlat rahbarlarining hibsga olinishidan xavotir bildirdi va harbiylarni hibsga olingan siyosatchilarni ozod qilishga chaqirdi.
Hukumat to‘ntarilishi paytida harbiylar tomonidan hibsga olingan Myanma prezidenti U Vin Mint prezident saroyidan boshqa binoga ko‘chirildi, uning qayerdaligi noma’lum.
Mazkur voqealar ortidan mamlakatda norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda va internetda nosozliklar kuzatilmoqda.
Ish izlayotgan sobiq prezident
O‘tgan haftaning barchani hayratda qoldirgan voqealaridan biri Polshaning sobiq prezidenti, tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sohibi, Polshadan kommunizmni sug‘irib tashlagan afsonaviy Lex Valensaning pandemiya sababli ish izlayotgani haqidagi xabarlar bo‘ldi.“Jonim bilan elektr ustasi sifatida ishlagan bo‘lardim. Hanuzgacha Om qonunini yoddan bilaman, Kirxgof qonuni va yana bir nechta nazariyalar haqida tushunchaga egaman. Biroq hammasi o‘zgarib ketdi, hozir ishlatilayotgan texnikalarni ta’mirlash vaqtida baxtsiz hodisa sodir bo‘lishi hech gap emas”, — deya elektr ustasi mutaxassisligiga ega Valensa so‘zlarini keltirgan nashr.
77 yoshli siyosatchi qo‘shimcha ish topa olmayapti, uning aytishicha, rafiqasi ro‘zg‘orga mo‘ljallangandan ko‘ra ko‘proq mablag‘ sarflamoqda. Valensa nafaqaga chiqqanidan keyin oyiga 6 ming zlotiy miqdorida, ya’ni 1,6 ming AQSh dollariga teng pensiya oladi. Polshada o‘rtacha oylik ish haqi 4,9 ming zlotiyni tashkil etadi.
2020-yil oxirida Valensa OAVga bergan intervyusida faqirona hayot kechirayotgani haqida gapirib, bu ketishda ko‘chada tilanchilik qilishi mumkinligini aytgandi.
Valensa 1980-yillarda “Bag‘rikenglik” deb nomlangan kasaba qo‘mitasini ta’sis etgan. 1983-yilda Nobel mukofotini qo‘lga kiritib, 1990–1995-yillarda Polshani boshqargan. Pandemiya boshlanguniga qadar Valensa dunyoning turli universitetlarida pullik ma’ruzalar qilish bilan shug‘ullanar edi.
Koronainfo
Dunyoda koronavirusga chalinganlar soni 105 806 715 kishiga yetdi. Bu haqda Amerikaning Jons Hopkins universiteti ma’lumotlari guvohlik bermoqda.Butun dunyoda COVID-19’dan vafot etganlar soni 2 million 310 ming 569 kishini tashkil qilmoqda, 76 milliondan ziyod kishi kasallikdan tuzaldi.
5 million va undan ortiq kasallanish holatlari qayd etilgan mamlakatlar uchligini hamon AQSh, Hindiston, Braziliya tashkil qilmoqda.
Birinchi o‘rinda AQSh qariyb 27 millionta COVID-19’ga chalinish holatlari bilan bormoqda. 460 mingdan ortiq o‘lim holati qayd etilgan, 17 milliondan ziyod kishi sog‘aygan.
Kasallanganlar soni bo‘yicha Hindiston ikkinchi o‘rinda, u yerda 10,8 milliondan ortiq odam kasallikni yuqtirgan, shulardan 155 mingi vafot etgan, 10,5 milliondan ziyodi sog‘aygan.
Koronavirusni yuqtirganlar soni bo‘yicha Braziliya uchinchi o‘rinda bo‘lib, butun pandemiya davrida 9,5 millionga yaqin odam kasallangan, 230 mingdan ortig‘i vafot etgan, 8,3 milliondan ko‘pi sog‘aygan.
Ma’lumot uchun, dunyo bo‘ylab virusga chalinganlarning umumiy soni 17-dekabr kuni 74 million, 27-dekabr kuni 80 million, 4-yanvar kuni 85 million, 11-yanvar kuni 90 million, 18-yanvar kuni 95 million, 27-yanvar kuni 100 milliondan oshgandi.
Eslatib o‘tamiz, dunyo bo‘yicha COVID-19’ga chalinganlar soni 100 milliondan oshgani haqida 27-yanvar kuni ma’lum bo‘lgan bo‘lsa, 2-fevral kuni unga qarshi emlanganlar soni 100 millionlik marradan o‘tgan edi. 3-fevral kuni esa butun dunyo bo‘ylab koronavirusga qarshi emlanganlar soni birinchi marta ushbu virusga chalinganlar sonidan oshdi.
Izoh (0)