AQSh davlat kotibi Entoni Blinken va Avstraliya tashqi ishlar vaziri Maris Peyn Myanmadagi vaziyat yuzasidan xavotirda ekanligini bildirdi va harbiylarni zudlik bilan davlat maslahatchisi Aun San Su Chji hamda boshqa yuqori mansabli amaldorlarni ozod qilishga chaqirdi, deb yozadi “Interfaks”.

Foto: AFP

“AQSh Myanma harbiylari hukumatning bir nechta yetakchilarini, shu jumladan, davlat maslahatchisi Aun San Su Chjini qo‘lga olgani haqidagi xabarlar yuzasidan jiddiy xavotir va tashvish bildiradi… Biz Myanma harbiy yetakchilarini hukumatning barcha rasmiy shaxslarini va fuqarolik jamiyati yetakchilarini ozod etib, Myanma xalqining 8-noyabrdagi demokratik saylovlarda bildirgan xohish-istagini hurmat qilishga chaqiramiz”, — deyiladi Blinkenning Davlat departamenti tomonidan tarqatilgan bayonotida.

Avstraliya tashqi ishlar vaziri Meris Peyn ham qo‘lga olingan yuqori mansabli amaldorlarni ozod qilishga chaqirdi.

“Biz harbiylarni qonun ustuvorligini hurmat qilishga, bahslarni qonuniy mexanizmlar orqali hal qilishga hamda noqonuniy ravishda qo‘lga olingan barcha yetakchilar va boshqa shaxslarni zudlik bilan ozod qilishga chaqiramiz”, — dedi Peyn.

Vazirning ta’kidlashicha, Avstraliya “2020-yil noyabridagi umumiy saylovlar natijalariga muvofiq Milliy majlisning tinch chaqirig‘ini” qo‘llab-quvvatlaydi.

Avvalroq harbiylar Myanma davlat maslahatchisi Aun San Su Chjini, prezident Vin Myinni va boshqa yuqori mansabli amaldorlarni qo‘lga olgani xabar berilgan edi. Myanma harbiy televideniyesi mamlakatda bir yil muddatga favqulodda holat e’lon qilingani haqida xabar berdi.

Shuningdek, davlat to‘ntarilishi oqibatida mamlakatda butun davlat hokimiyati Myanma Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Min Aung Xlain qo‘liga o‘tgani, vitse-prezident Myint Shve esa prezident vazifalarini bajaruvchi bo‘lgani ham ma’lum qilindi.

Harbiylar mansabdorlarning qo‘lga olinishini 2020-yil 8-noyabrda bo‘lib o‘tgan saylovlardagi qalbakilashtirishlarga javob deb atadi.