Myanmada prezident va davlat maslahatchisi qo‘lga olindi, shundan keyin mamlakat Qurolli kuchlari bir yilga favqulodda holat e’lon qildi. Bu haqda Armiya televideniyesiga tayanib, Xinhua xabar bermoqda.

Min Aun Xlain

Foto: Global Look Press

Reuters yozishicha, harbiylar hokimiyat Qurolli kuchlar bosh qo‘mondoni Min Aun Xlain qo‘liga o‘tishini e’lon qilgan.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, prezident Vin Myin va davlat maslahatchisi (uning lavozimi hukumat rahbariga teng), hukmron “Demokratiya uchun milliy liga” partiyasi yetakchisi Aun San Su Chji noyabrda bo‘lib o‘tgan saylovlardagi firibgarliklarga javoban qo‘lga olingan.

Prezident va davlat maslahatchisi qo‘lga olingani haqida “Demokratiya uchun milliy liga” vakili Mio Nyunt ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 1-fevral kuni ertalab partiyaning boshqa yuqori mansabli vakillari ham ushlangan. O‘shandayoq Nyunt gap harbiy to‘ntarish haqida borishi mumkinligini taxmin qilgandi.

Qo‘lga olinganlar orasida partiya Markaziy ijroiya qo‘mitasi a’zolari, deputatlar va hukumat a’zolari bor, deb xabar qiladi Associated Press. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Aun San Su Chji uy qamog‘ida saqlanmoqda.

Ayni paytda Myanma poytaxti Neypyidoda internet va telefon aloqasi ishlamayapti.

AQSh hukumati Myanmada Aun San Su Chji va boshqa mansabdorlar qo‘lga olingani yuzasidan xavotir bildirdi. Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki ma’lum qilishicha, Vashington mamlakatda yaqinda bo‘lib o‘tgan saylovlar natijasini o‘zgartirish bo‘yicha har qanday urinishlarga qarshi chiqadi.

U, shuningdek, myanmalik harbiylarni qo‘lga olinganlarni ozod qilishga chaqirdi va choralar qo‘llash bilan tahdid qildi.

Noyabrdagi saylovlarda “Demokratiya uchun milliy liga” 476 ta o‘rindan 396 tasini qo‘lga kiritib, g‘alaba qozongan edi. Bu partiyaga yana besh yilga hukumatni shakllantirish imkoniyatini bergandi. Harbiylar tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Birdamlik va ittifoq taraqqiyoti partiyasi esa 33 ta o‘ringa ega bo‘lgan. Harbiylar qalbakilashtirish holatlaridan shikoyat qildi va Oliy sudda natijalar yuzasidan bahslashdi, saylov komissiyasi esa firibgarlik dalillarini topmadi.

O‘tgan hafta Myanma Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni qonunlar tegishlicha bajarilmasa, konstitutsiya bekor qilinishi mumkinligini ma’lum qilgach, mamlakatdagi siyosiy keskinlik oshib ketdi. Keyinroq Myanma harbiylari bosh qo‘mondon davlat to‘ntarishi uyushtirish bilan tahdid qilganini rad etdi. Ular OAVlar uning gaplarini noto‘g‘ri talqin qilganini bildirdi.

Myanmada harbiylar 1962-yildan 2011-yilga qadar hokimiyatni boshqargan.