Shubhasiz, o‘tgan hafta bir-biridan qiziq bo‘lgan voqea va hodisalarga boy bo‘ldi. “Daryo” hafta davomida dunyo sahnida yuz bergan eng muhim voqealarni esga oladi.

Putinning haqiqiy “bosh og‘rig‘i” – Aleksey Navalniy 

O‘tgan haftaning eng ko‘p muhokama qilingan voqealardan biri Rossiyalik faol Aleksey Navalniy atrofida yuz berdi. Gap shundaki, bir necha oylik Germaniyadagi davolanish va qayta tiklanishdan so‘ng, 17-yanvar kuni Aleksey Navalniy Rossiyaga qaytib keldi. Qaytib kelishi bilan uni Rossiya militsiyasi qo‘lga oldi.

Foto: AFP

Dastlab u Vnukovo aeroportiga qo‘nishi rejalashtirilgan edi, ammo Vnukovo aeroporti texnik sabablarga ko‘ra qatnovlarni qabul qilishdan to‘xtab qoldi va Navalniy o‘tirgan samolyot Sheremetovo aeroportiga qo‘ndi. Vnukovo aeroportida esa uni juda katta jamoa kutib turgan edi: jurnalistlar, faollar, tarafdorlari. Aeroport hududi o‘rab olinib, kirish chiqishlar yopib qo‘yilgan edi. Uning Sheremetovoga qo‘nishi esa kutilmaganda sodir bo‘ldi.

Navalniy pasport nazoratiga yetib bormasidanoq hibsga olingan va Ximki shahridagi politsiya bo‘linmasiga olib ketilgan. 18-yanvar kuni esa Ximki shahar sudi unga 30 kunlik qamoq jazosini tayinlagan. Navalniy ushbu voqealarni “qonunbuzarlikning eng yuqori darajasi” deb atadi. Uning advokati Vadim Kobzev hibsga olish to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat qilinishini ma’lum qildi.

Mazkur voqealarning ertasi kuni, 19-yanvarda asoschisi muxolifatchi Aleksey Navalniy bo‘lgan Korrupsiyaga qarshi kurash fondi “Putin uchun qurilgan qasr” haqida katta tadqiqotni e’lon qildi. YouTube tarmog‘iga joylangan mazkur video qisqa vaqt ichida bir necha milliondan ortiq tomosha qilingan va katta shov-shuvga sabab bo‘lgan.

Foto: BBC

Aleksey Navalniy iddao qilishicha, Rossiya prezidenti Gelenjik yaqinida, Qora dengiz sohilida “butun boshli qirollik”ga egalik qiladi, uning maydoni “Monakodek 39 ta knyazlik hududiga teng”.

Fond xabar berishicha, majmuaning qurilishini bir qator kompaniyalar, shu jumladan, “Rosneft” va “Transneft” davlat kompaniyalari qalbaki ijara to‘lovlari va boshqa korrupsiyaviy sxemalar yordamida moliyalashtirgan.

Tadqiqot mualliflari bu sxemani “dunyodagi eng katta pora” deb atab, qasr va uzumzorlarga sarflangan jami pul qiymatini kamida 100 milliard rubl (1,35 milliard dollar)ga baholamoqda.

Hujjatlarga tayangan holda Aleksey Navalniy ma’lum qilishicha, “qasr”ning maydoni — 17 691 metr² ga teng bo‘lib, bu mamlakatdagi eng katta shaxsiy turar joydir.

Aleksey Navalniy hibsga olinganidan keyin video murojaat yo‘llab o‘z tarafdorlarini namoyishlarga chiqishga da’vat etgan. Shundan so‘ng, 23-yanvar kuni Rossiyaning o‘nlab shaharlarida Aleksey Navalniyni qo‘llab-quvvatlab mitinglar o‘tkazildi.

Siyosatchining shtabi aksiyalar arafasida ularning mamlakatdagi 93 ta shaharda bo‘lib o‘tishini e’lon qilgandi. Mitinglar chet elda — Avstraliya, Germaniya, Avstriya, Chexiya, Buyuk Britaniya, AQSh, Chernogoriya va boshqa mamlakatlarda ham bo‘lib o‘tdi.

OAVning xabar berishicha, mazkur aksiya Rossiyadagi so‘nggi o‘n yillardagi eng yirik namoyish bo‘lgan. Aksiyalar chog‘ida butun Rossiya bo‘ylab 3352 kishi qo‘lga olingan. Bunday ma’lumotlarni 24-yanvar kuni ertalab “OVD-Info” keltirib o‘tdi.

Foto: Google Photos

Xususan, Moskvada 1331, Sankt-Peterburgda 501 kishi, shuningdek, Novosibirsk, Voronej, Qozon shaharlarining har birida 90 dan ziyod odam qo‘lga olingan. Ularning ko‘pchiligiga nisbatan aksiyalarda qatnashish qoidalarini buzganlik va shahar infratuzilmasiga xalaqit berganlik haqidagi ma’muriy moddalar ilgari surilmoqda.

Mitinglar chog‘ida ko‘plab jurnalistlar jabrlandi. Jurnalistlar mustaqil kasaba uyushmasi jurnalistlarning kasbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilish bilan bog‘liq 52 ta holatni qayd etdi.

Mitinglar yakunlariga ko‘ra allaqachon jinoiy ishlar qo‘zg‘atildi. Ular o‘ndan ortiq bo‘lib, huquq-tartibot organlari xodimlariga nisbatan zo‘ravonlik, ommaviy tartibsizliklarga da’vatlar, mol-mulkka qasddan zarar yetkazish va bezorilik haqidadir.

Navalniyning tarafdorlari bir haftadan keyin yana aksiyalar o‘tkazish niyatini bildirdi.

AQSh Davlat departamenti Rossiyaning siyosatchi Aleksey Navalniyni qo‘llab-quvvatlab o‘tkazilgan aksiyalarni bostirish chog‘idagi xatti-harakatlarini qoraladi. Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Dominik Raab ham shunga o‘xshash bayonot bilan chiqish qildi. Ikkala tomon ham Rossiyani xalqaro kelishuvlarga rioya qilishga va noroziliklar paytida qo‘lga olinganlarni ozod etishga chaqirdi.

Oq Uyni tark etgan Tramp va qasamyod qilgan Jo Bayden

20-yanvar kuni AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp yangi saylangan prezident Jo Baydenning inauguratsiya marosimidan bir oz oldin Oq Uyni tark etdi. Davlat rahbari vertolyotda Merilend shtatidagi Endryus aviabazasiga yo‘l oldi. U yerda u o‘z lavozimidan xayrlashish marosimini o‘tkazdi va US Air Force’ning maxsus samolyotida Florida shtatining Mar-a-Lago shahridagi qarorgohiga jo‘nadi. Donald Tramp Jo Baydenning inauguratsiya marosimida ishtirok etmasligini bildirgan. Bu 150 yil ichida birinchi marta shunday holat bo‘lishi. Marosimga uning ma’muriyati vitse-prezidenti Mayk Pens keldi.

Foto: Google Photos

Shu kuni yangi prezident Jo Bayden qasamyod qabul qildi va davlat rahbari sifatida ish boshladi. Shuningdek, u davlat rahbari sifatida ilk nutqini ham so‘zladi.

“Bugun — Amerika kuni. Bugun — demokratiya kuni”, – dedi Bayden nutqining boshida.

U yanvar oyi boshida Kapitoliyning egallanishini esladi va bu voqeada Amerika demokratiyasining ahamiyatini ta’kidlab o‘tdi.

“Demokratiyaning qanchalik qadrli ekanini bilib oldik. Ushbu soatlarda, do‘stlar, demokratiya to‘liq g‘alaba qozondi”, – dedi Bayden.

Nutq davomida Bayden AQSh aholisi oq tanlilar ustunligiga qarshi turishi kerakligini aytdi. Ta’kidlanishicha, Bayden inauguratsiya paytida bu haqda so‘zlagan birinchi prezident bo‘ldi.

Bayden, shuningdek, to‘rt yillik prezident Donald Trampdan keyin xalqni birlashishga chaqirdi. “Birlik – bu oldinga yo‘l”, – dedi u.

Baydenning aytishicha, uning birlashish haqidagi ba’zi so‘zlari bema’ni xayollardek tuyulishi mumkin, ammo amerikaliklarni ikkiga ajratgan kuchlar haqiqatan mavjud.

Bayden koronavirus pandemiyasiga ham to‘xtalib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, amerikaliklar qiyin vaqtga, sinovlar davriga duch kelmoqda. Prezident AQSh aholisini pandemiya bilan yuzma-yuz turishga chaqirdi va xalq birgalikda buni yengishini ta’kidladi.

Bayden 21 daqiqa davomida nutq so‘zladi. Taqqoslash uchun, Donald Trampning 2017-yildagi nutqi 17 daqiqa davom etgan bo‘lsa, Obamaning 2009 va 2013-yildagi chiqishlari 19 daqiqa davom etgan.

Inauguratsiya marosimi tomoshabinlarsiz o‘tkazildi – faqat rasmiylar va ularning cheklangan miqdordagi mehmonlari ishtirok etdi. Ushbu qaror koronavirus hamda FQB ma’lumotlariga ko‘ra Tramp tarafdorlari tomonidan uyushtirilishi mumkin bo‘lgan tartibsizliklar ehtimoli tufayli qabul qilingan.

Jo Bayden AQSh prezidenti sifatida ish boshlaganidan keyin, nufuzli Time jurnali navbatdagi sonining muqovasini Baydenga bag‘ishladi. Nashrning muqovasida Bayden va u Trampdan meros qilib olgan muammolar hamda vazifalarga to‘la Oval xona tasvirlangan.

Foto: Time

Shuningdek, Bayden ishga kirishgan kuniyoq Trampning bir nechta qaror va farmonlarini bekor qilgan. Ular orasida musulmon mamlakatlari fuqarolari uchun cheklovlar, Meksika bilan chegarada devor qurish, iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha Parij bitimi va JSSTdan chiqish haqidagi hamda boshqa bir qator qaror va farmonlar o‘rin olgan.

Koronainfo

Butun dunyo bo‘ylab koronavirus bilan kasallanganlar soni yuz millionga yaqinlashib bormoqda. Ayni paytga kelib kasallanganlarning umumiy soni 99,4 millionni tashkil etmoqda. 19-yanvar kuni 95 milliondan oshgani xabar berilgan edi. Kasallikdan vafot etganlar soni 2,1 million kishini, undan tuzalganlar esa, 71,4 million kishini tashkil etmoqda.

Foto: Google Photos

Virus eng ko‘p tarqalgan davlatlar beshligidan quyidagilar o‘rin oldi:

  • AQSh — 25,5 million kishi;
  • Hindiston — 10,6 million;
  • Braziliya — 8,8 million;
  • Rossiya — 3,7 million;
  • Buyuk Britaniya — 3,6 million.

Shuningdek, Fransiya, Turkiya, Italiya, Ispaniya va Germaniyada 2 milliondan ortiq koronavirusga chalinish holatlari qayd etilgan. Ma’lumot uchun, dunyo bo‘ylab virusga chalinganlarning umumiy soni 17-dekabr kuni 74 million, 27-dekabr kuni 80 million, 4-yanvar kuni 85 million, 11-yanvar kuni 90 milliondan oshgandi.