20-yanvar kuni lavozimiga kirishgan AQSh prezidenti Jo Bayden faoliyatining birinchi kuni jami 17 ta farmon, memorandum va ijro ko‘rsatmalarini imzoladi. Ularning to‘qqiztasi avvalgi prezident Donald Trampning farmoyishlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri bekor qiladi. Ularning ko‘pchiligini bekor qilish haqida Bayden saylovoldi kampaniyasi chog‘idayoq, shuningdek, saylanganidan keyin ham jamoatchilik oldida va’da bergan edi. Yangi prezident lavozimidagi birinchi kuni nimalarni amalga oshirgani borasida Meduza asosiy ma’lumotlarni taqdim etdi.

Foto: CNP

Bayden AQShni iqlim bo‘yicha Parij bitimiga qaytardi

Iqlim bo‘yicha Parij bitimi 2016-yilda 195 ta mamlakat tomonidan imzolangan bo‘lib, uning asosiy vazifasi Yerdagi o‘rtacha haroratning o‘sish darajasini sanoatgacha bo‘lgan davrdan ikki daraja chegarasida saqlab turishdan iborat edi. AQSh bitim doirasida boshqa rivojlangan mamlakatlar bilan birga maxsus jamg‘armani moliyalashtirish majburiyatini olgan edi, bu jamg‘armaning mablag‘lari bitim shartlarini amalga oshirishda yordam berish uchun kam ta’minlangan mamlakatlarga yo‘naltiriladi.

Donald Tramp 2016-yilda saylovoldi kampaniyasi vaqtidayoq bitimdan chiqishni o‘zining asosiy saylovoldi va’dalaridan biriga aylantirdi. Bo‘lg‘usi prezident global isishni inkor etmagan holda, hujjat AQSh (u Xitoy bilan birga dunyodagi jami karbonat angidrid chiqindilarining 40 foizi uchun javobgar) uchun o‘ta foydasiz ekanligini, chunki millionlab ishchi o‘rinlari va milliardlab dollarni yo‘qotishga olib kelishini ma’lum qildi.

AQSh bitimdan chiqishi haqida Tramp rasman 2017-yil avgustida e’lon qilgan, ammo bitim shartlariga ko‘ra, undan chiqqunigacha kuchga kirgan vaqtidan buyon kamida uch yil vaqt o‘tgan bo‘lishi kerak edi. Shu sababli 2019-yil noyabrida AQSh BMTga kelishuvdan chiqishi haqidagi rasmiy bildirishnomani topshirdi va yana bir yildan keyin nihoyat undan chiqdi. 2021-yil 20-yanvar kuni Bayden Oq uy saytidagi bayonotida AQSh nomidan Parij bitimining barcha nizomlariga roziligini ma’lum qildi.

Bayden AQShning Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotidan chiqishini bekor qildi

2020-yil aprelda Tramp koronavirus pandemiyasi boshlangani uchun Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ni javobgar qildi. AQShning o‘sha vaqtdagi prezidenti fikricha, tashkilot virus Xitoyda paydo bo‘lganidan keyin uning dunyo bo‘ylab tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik vazifasini bajara olmagan. O‘shandayoq Tramp AQSh tomonidan JSSTga beriladigan moliyaviy yordamni muzlatib qo‘ydi, shungacha AQSh tashkilotning eng yirik donori bo‘lib, budjetining, taxminan, 15 foizini ta’minlab bergan.

2020-yil mayida Tramp JSSTni to‘liq Xitoy tomonidan nazorat qilinishda aybladi (Xitoyning tashkilot budjetiga qo‘shadigan hissasi AQShnikidan 10 marta kamroq) va undan Pekinga “bog‘liq emasligini isbotlab”, JSSTning o‘zida islohotlar o‘tkazishni talab qildi. Oradan ikki hafta o‘tar-o‘tmas, tashkilot islohotlardan bosh tortganini aytib, AQSh u bilan aloqalarini uzishini ma’lum qildi. Baydenning koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash choralari haqidagi yangi farmoni federal hukumatga JSST bilan aloqalarni qayta tiklash va mustahkamlashni yuklaydi.

Bayden Meksika bilan chegarada devor qurilishini to‘xtatdi

Meksika bilan chegarada devor qurish Trampning eng mashhur saylovoldi va’dasi bo‘lgandi. Uni bajarish uchun prezident Kongress bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ziddiyatga bordi: 2018-yilda u budjetni imzolashdan bosh tortib, unga devor uchun ketadigan 5,7 milliard dollar miqdoridagi xarajatlar kiritilishini talab qildi. Oxir-oqibat budjet o‘z vaqtida qabul qilinmadi, shu sababli AQShda rekord darajadagi 23 kunlik shatdaun (AQSh hukumati ishining qisman to‘xtab qolishi) yuzaga keldi.

Shundan keyin Tramp federal favqulodda holat rejimini joriy qilib, devor uchun pul sarflash huquqini qo‘lga kiritishga urindi, ammo uni sud bekor qildi. Yakunda devor qurilishi uchun pulning bir qismini Tramp boshqa yo‘l bilan — Kongress tomonidan mudofaa uchun ajratilgan xarajatlarni qayta taqsimlash yordamida qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Buning uchun 2019-yilda Tramp Amerika—Meksika chegarasi hududida mahalliy favqulodda holat rejimini e’lon qildi.

Baydenning yangi farmoni ushbu rejimni va shu bilan mablag‘ ajratishni bekor qildi.

Bayden AQShga ba’zi nochor mamlakatlar fuqarolarining kirishiga ruxsat berdi

2017-yil yanvarida lavozimiga kirishganidan keyin darhol Tramp immigrantlar oqimini cheklash bo‘yicha saylovoldi dasturini bajarish doirasida aholisining asosan musulmon bo‘lgan yetti mamlakat — Iroq, Eron, Yaman, Liviya, Suriya, Somali va Sudan fuqarolarining AQSh hududiga kirishini taqiqlaydigan farmonni chiqargan edi. Allaqachon AQSh hududida bo‘lganlar esa deportatsiya qilinishi kerak edi.

Farmon ommaviy da’volarga va uning ijro etilishiga nisbatan sud taqiqlariga sabab bo‘ldi, shundan keyin u bir necha marta qayta yozilib, mamlakatlar ro‘yxati va viza berilmasligi shartlari o‘zgartirildi, 2017-yil dekabrida esa AQSh Oliy sudi uning oxirgi versiyasini Konstitutsiyaga zid deb topdi. Unda faqat KXDR va Suriya aholisining AQShga kirishi bo‘yicha to‘liq taqiq qoldi; Chad, Liviya va Yaman fuqarolariga sayyohlik vizalari berilishi to‘xtatildi. Baydenning yangi farmoni Trampning 2017-yil 25-yanvardagi qarorini to‘liq bekor qiladi.

Tramp Kanadadan AQShga keladigan neft quvuri qurilishi uchun berilgan ruxsatni bekor qildi

Keystone neft quvurining rejalashtirilgan to‘rtinchi bosqichi — Keystone XL Kanada neftini Texasdagi sanoat korxonalariga haydash uchun Kanadaning Alberta provinsiyasini Amerikaning Nebraska shtati bilan bog‘lashi kerak edi. Ekologlar va Shimoliy Amerika tub xalqlaridan iborat mahalliy aholi ko‘p yillar davomida neft quvurining qurilishiga qarshilik qilib kelgan. Uning taxminiy yo‘nalishi AQShdagi eng yirik yerosti suvlari zaxiralari joylashgan hududlardan o‘tadi. Bundan tashqari, u yerda noyob Sendxills qumtepaliklari joylashgan, va Keystone XL’dagi har qanday avariya yirik ekologik halokatga aylanishi mumkin.

Ko‘p yillar davom etgan ommaviy muhokamadan keyin Barak Obama o‘z muddatining so‘ngida loyihadan AQSh xavfsizligi manfaatlariga to‘g‘ri kelmaganligi uchun voz kechishga qaror qildi, ammo Tramp lavozimidagi birinchi oydayoq quvurning qurilishiga ruxsat beruvchi farmonni imzoladi (lekin qurilish ko‘p sonli sudlar va noroziliklar tufayli baribir boshlanmadi). Shu farmonni Bayden iqlim muammolari haqidagi umumiy hujjat doirasida bekor qildi. Baydenning qurilishdan voz kechish haqidagi qarori allaqachon Kanada hukumati tomonidan tanqidga uchradi.