AQSh prezidenti Donald Tramp 8-yanvar kuni saylangan prezident Jo Baydenning inauguratsiyasida qatnashmoqchi emasligini Twitter’da ma’lum qildi.

Foto: Getty Images

“Bu haqda mendan so‘raganlarning barchasiga shuni ma’lum qilaman: 20-yanvar kuni inauguratsiyaga bormayman”, – deb yozdi u Twitter’da.

Tramp 8-yanvar kuni kechqurun asosiy e’tiborni hukumatni Bayden ma’muriyatiga tinch yo‘l bilan topshirishni ta’minlashga qaratishini va’da qildi. Ammo tarafdorlariga ularning “aqlbovar qilmaydigan sayohati endigina boshlanayotgani”ni aytdi. Shu bilan birga, Tramp saylov natijalariga sud orqali e’tiroz bildirish imkoniyati tugaganini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, 6-yanvar kuni Tramp tarafdorlari AQSh Kongressi saylov natijalarini tasdiqlab, Jo Baydenning g‘alabasini rasman tasdiqlashi kerak bo‘lgan Kapitoliy binosini shiddatli hujum bilan egallab oldi. Saylovchilar hay’ati a’zolarining ovozlarini hisoblash jarayoni to‘xtatilib, 7-yanvar kuni ertalab davom ettirildi. Tartibsizliklar oqibatida besh kishi halok bo‘ldi, o‘nlab politsiyachilar yaralandi.

Kapitoliyda tartib tiklangach, Vakillar Palatasi va AQSh Senati Baydenning g‘alabasini ma’qulladi.

Inauguratsiya 20-yanvarga belgilangan, ammo Trampni zudlik bilan hokimiyatdan chetlatish talablari demokratlar orasida yangray boshladi.