Namanganda oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan 20 nafar talabaning bir yillik to‘lov-shartnoma pullari to‘lab berildi. Bu haqda viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzaqov Yangiqo‘rg‘on tumanida bo‘lib o‘tgan yoshlar festivalida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev.
“Oldinlari yoshlar uchun hokim tugul mahalla raisi bilan ko‘rishish ham mushkul masala edi. Mana endi barcha sektor rahbarlari har hafta sizlar bilan uchrashib, murojaatlaringizni birma-bir eshitmoqda. Viloyatdagi ehtiyoj va talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarda o‘qiyotgan talabalarga yillik kontrakt pullarini to‘lab berish tashabbusi ham shunday muloqotlar davomida tug‘ildi”, — dedi Shavkatjon Abdurazzaqov.
Festivalda O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlarida o‘qiyotgan 19 nafar va Rossiyada tahsil olayotgan 1 nafar talabaga yillik to‘lov-shartnoma pullari to‘langani haqidagi sertifikatlar topshirildi. Ular tibbiyot, farmatsevtika, biologiya, matematika va dasturiy ta’minot yo‘nalishlarida o‘qiyotgan yigit-qizlardan iborat.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili viloyatning To‘raqo‘rg‘on tumanida yoshlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ham viloyat budjetining qo‘shimcha daromadlari hisobidan 35 nafar talabaga jami 470 million so‘mlik to‘lov-shartnoma pullari to‘lab berilgandi.
Izoh (0)