Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropaning 22 mamlakatida koronavirusning yangi B.1.1.7 turi aniqlangan. Bu haqda JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi rahbari Xans Klyuge brifingda ma’lum qildi.
“Birinchi marta Buyuk Britaniyada aniqlangan koronavirusning yangi shtammi yuqumli, ammo bu kasallikning og‘irroq shakllarini keltirib chiqarishi haqida dalillar yo‘q”, – deydi Klyuge.
Ammo JSSTning Yevropa bo‘yicha mintaqaviy byurosi rahbari yangi shtamm tez tarqalib borayotgani sababli allaqachon o‘z imkoniyati chegarasida ishlayotgan sog‘liqni saqlash tizimlariga bosim kuchayishi xavfi borligidan ogohlantirdi.
Eslatib o‘tamiz, Buyuk Britaniyada koronavirusning yangi turi aniqlangani, shu tufayli mamlakatning ayrim hududlarida kasallik tarqalish sur’ati tezlashgani haqida 14-dekabr kuni mahalliy Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari Mettyu Xenkok ma’lum qildi. Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonsonning so‘zlariga ko‘ra, ushbu turdagi koronavirus avvalgilaridan 70 foizga yuqumliroq, lekin undan xavfli emas.
Avvalroq koronavirusning “britancha” shtammi 41 ta, “afrikacha” shtammi esa 7 ta mamlakatda aniqlangani, Britaniyada uchinchi lokdaun e’lon qilingani hamda Germaniyada koronavirus tufayli cheklovlar kuchaytirilgani haqida xabarlar berilgandi.
Izoh (0)