“Mehr va oqibat” hayvonlarni himoya qilish jamiyati Navoiyda hayvonlarga shavqatsizlarcha munosabatda bo‘lganlik ishini ilk bor sudgacha oshirishga erishdi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz”.
Ma’lum qilinishicha, 21-noyabr kuni “Mehr va oqibat” jamiyatiga ikki ayol — ona-bola 17-noyabr kuni ularning hovlisiga mahalla qo‘mitasi vakillari, daydi hayvonlarni tutish xizmati va veterinariya xodimlari bostirib kirgani to‘g‘risida murojaat qilgan.
Unda aytilishicha, uchastka profilaktika inspektori ham kelib, ikki uy bekasining katta yoshdagisini mahkam ushlab, uning nemis ovcharkalarini qanday otib o‘ldirishayotganini ko‘rmasligi uchun ko‘zlarini majburlab bekitgan.
Ikki avcharka bolasi halok bo‘lgan, ulardan biri uyga qochib yashirinishga ulgurgan, ammo keyinchalik, ayolning so‘zlariga ko‘ra, u ham halok bo‘lgan. Katta itlarning biri ham yaralangan.
Itlarning egasining aytishicha, kuni kecha u paxta terimi ishiga chiqishga rozi bo‘lgan, chunki shunday qilsa mahalliy hokimlik vakillari uning itlariga tegmaslikka va’da bergan.
Hayvonlarni himoya qilish jamiyati volontyorlari — huquqshunos Amir va Navoiydan bo‘lgan Gulnora mahalliy profilaktika inspektori va jabrlangan hayvonlarning egalari bilan doimiy aloqada bo‘lib, ayollarga IIV, Bosh prokuratura hamda Navoiy va Navoiy viloyati prokuraturalariga ariza yozishda yordam bergan. Sud majlisida hayvonlarni himoya qilish jamiyati ishonchnomasiga ko‘ra volontyorlardan biri ham ishtirok etgan.
Sud daydi hayvonlarni tutish xizmati xodimini bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari (223 ming so‘m) miqdorida jarima tortish to‘g‘risida qaror chiqargan. “Hayvonlar otilishiga yo‘l qo‘ygan boshqa hech bir shaxs jazolanmagan”, — deb ta’kidlangan hayvonlarni himoya qilish jamiyatida.
“Mehr va оqibat” uchastka profilaktika inspektori ham javobgarlikka tortilishi kerak, deb hisoblamoqda va bu masalada adolatga erishish uchun harakat qilishda davom etmoqchi.
Avvalroq Navoiy viloyati prokuraturasi “Mehr va oqibat” hayvonlarni himoya qilish jamiyatining murojaatiga asosan xususiy hayvonot bog‘i direktori Sohiba Barnoyevaga nisbatan hayvonlarni saqlashdagi qonunbuzarligiga oid ishni ko‘rib chiqib, 21-dekabr kuni xususiy bog‘ direktoriga nisbatan ogohlantirish e’lon qilgan va barcha kamchiliklarni bartaraf etishga besh kun muhlat bergandi. Berilgan muddat ichida qonunbuzarlik holatlari bartaraf etilmasa, ish qayta ko‘rib chiqiladi. Ushbu hayvonot bog‘ida saqlangan hayvonlar reabilitatsiya uchun Toshkentga olib kelingan.
Izoh (0)