Toshkent metropoliteni unitar korxonasi metroda yo‘lovchi tashish hajmi sezilarli darajada oshganini ma’lum qilib, fuqarolarga eslatma bilan chiqdi.
Ta’kidlanishicha, ob-havo sharoitlarini inobatga olgan holda poytaxt yo‘llarida transportda harakatlanish tezligining cheklanganligi sababli metroda yo‘lovchilar tashish hajmi sezilarli darajada oshgan.
“Barchangizdan iloji boricha ijtimoiy masofa saqlashni, bir-biringizni hurmat qilishingizni, niqoblarni yechmaslikni va chiptaxonalarda tarqatilayotgan himoya qo‘lqoplardan foydalanishingizni iltimos qilamiz”, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, turli yuqumli mavsumiy infeksiyalar tarqalishining oldini olish va yo‘lovchilar salomatligini asrash maqsadida 19-oktabrdan boshlab Toshkent shahar jamoat transporti (avtobus, metro, yo‘nalishli taksi) xizmatidan foydalanganda yo‘lovchilarning tibbiy niqob va qo‘lqopda bo‘lish tartibi joriy etildi, mazkur shaxsiy himoya vositalari yo‘lovchilarga bepul tarqatilmoqda.
Avvalroq Toshkentdan qatnaydigan shaharlararo avtobuslar qatnovi noqulay ob-havo sharoiti sabab bekor qilingani, poytaxtning o‘zida esa avtobuslar soni oshirilayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)