O‘zbekiston Prezidentining farmoni bilan Abduhakim Xojiboyev sog‘liqni saqlash vaziri etib tayinlandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari 3-noyabr kuni Abduhakim Mo‘minovich Xojiboyev nomzodini O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri lavozimiga ma’qullagandi. Abduhakim Xojiboyev 2020-yil 15-iyul kunidan beri sog‘liqni saqlash vaziri birinchi o‘rinbosari sifatida ishlayotgan edi.
Vazirlik xabariga ko‘ra, tibbiyot fanlari doktori, professor Abduhakim Xojiboyev o‘z faoliyatini oddiy jarrohlikdan boshlab, so‘nggi 20 yil davomida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori, Shoshilinch tibbiy yordam vrachlar assotsiatsiyasi raisi, sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari va uch bor sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
Abduhakim Xojiboyev 2003-yilda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi” unvoni hamda 2020-yilda “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan.
Shuningdek, Prezident farmoni bilan sog‘liqni saqlash vaziriga birinchi o‘rinbosar ham tayinlandi. O‘zbekiston Prezidentining yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari vazifasida ishlab kelgan Inoyatov Amrillo Shodiyevich sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi.
Tibbiyot fanlari doktori, dotsent Amrillo Inoyatov bundan avval Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori lavozimida ishlagan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston hukumatning 3-noyabrdagi qarori bilan shu paytgacha sog‘liqni saqlash vaziri lavozimida ishlab kelgan Alisher Shodmonov Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori etib tayinlandi.
Izoh (0)