O‘zbekistonda ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati sudlardan ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlariga o‘tkazilishi mumkinligi va bu o‘zgarishni nazarda tutuvchi “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida muhokama qilinayotgani haqida xabar berilgandi.
Deputat Rasul Kusherbayevning ma’lum qilishicha, mazkur qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputatlar tomonidan qaytarildi.
Qonun loyihasida qator ma’muriy huquqbuzarliklar, shu jumladan, yovvoyi nashalarni yo‘q qilib yuborish choralarini ko‘rmaganlik, it va mushuk boqish qoidalarini buzish, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati sudlardan ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlariga o‘tkazilishi taklif etilayotgandi.
Deputatlar mazkur o‘zgarish inson huquqlarini ta’minlashda odil sudlovni amalga oshirishga zid kelishi, korrupsiya alomatlarining kelib chiqishiga olib kelishi, huquqni qo‘llashda subyektivlik paydo bo‘lishi, profilaktika inspektorlariga norasmiy rejalar qo‘yilishiga hamda fuqarolarda e’tirozlar paydo bo‘lishiga sabab bo‘lishi mumkinligi kabi vajlarni bildirib o‘tdi.
Ovoz berish natijasiga ko‘ra, deputatlarning aksariyat qismi qonun loyihasiga qarshi chiqdi va loyihani qabul qilish rad etildi.
Avvalroq Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi qonun Prezident tomonidan imzolangani va unga ko‘ra endilikda epidemiyalarga qarshi kurashish qoidalarini buzish (54-modda) bilan bog‘liq ma’muriy ishlar ichki ishlar organlari tomonidan ham ko‘rib chiqilishi mumkinligi belgilangan edi.
Izoh (0)