Bahslarga boy o‘tgan oktabr oyining to‘rtinchi haftasi ham nihoyasiga yetdi. An’anaga muvofiq, haftaning eng muhim voqealari dayjestini taqdim etamiz.
Qorabog‘ mojarosi
27-sentabrdan buyon davom etayotgan Ozarbayjonning Qorabog‘ viloyatidagi qurolli harakatlar natijasida hafta boshida prezident Ilhom Aliyev hududdagi 13 ta qishloqning qaytarib olinganini e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, gap Jabroil tumanidagi Sultonli, Amirvorli, Mashanli, Hasanli, Alikeyxonli, Qumloq, Gajili, Geyarchinveysalli, Niyozqullar, Kechal Mammedli, Shahvelli, Hoji Ismoil, Isagli qishloqlari haqida ketmoqda. Shuningdek, hafta boshida harbiy to‘qnashuvlar davomida Armaniston tomoni o‘zining 729 nafar harbiy xizmatchisi halok bo‘lganini ma’lum qildi.Ikki davlat rahbari ham muammoni tinch yo‘l bilan hal qilishga rozi ekanini TASS nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi. Armaniston bosh vaziri “TASS” nashriga bergan intervyusida ma’lum qilishicha, u Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat bo‘yicha Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan muzokaralarga tayyor. Uning fikricha, uchrashuvni Moskvada Rossiya vositachiligida o‘tkazish mumkin.
“Har doim Tog‘li Qorabog‘ masalasi faqat tinch yo‘l bilan hal qilinishi kerakligi haqida gapirganimizni allaqachon aytgandim. Bunday natijaga erishish uchun men barcha zarur choralarni ko‘rishga tayyorman. Shu jumladan, safar qilishga, uchrashishga, gaplashishga. Biroq barchamiz tushunishimiz kerakki, qaror o‘zaro kelishuvga, bir tomonning kapitulyatsiya qilinishiga emas, balki o‘zaro kelishuvga asoslanishi kerak. Afsuski, bu nuqtayi nazardan Ozarbayjon bunga rozi emas”, — deya ta’kidlagan Pashinyan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat mintaqa chegaralaridan chiqmoqda va Rossiya u yerda antiterroristik kampaniya boshlash uchun barcha asosga ega. O‘z navbatida, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev ham “TASS”ga bergan intervyusida Boku vakillari Moskvada Armaniston tomoni bilan muzokara o‘tkazishga tayyorligini ma’lum qildi. “Biz qarama-qarshilikka chek qo‘yish va muammoni hal qilish uchun Moskvada ham, boshqa har qanday joyda ham uchrashishga tayyormiz”, — degan Ilhom Aliyev.
Uning ta’kidlashicha, tashqi ishlar vazirlari uchrashuvini o‘tkazish taklifi kelib tushganda Ozarbayjon tomoni darhol rozilik berdi. Eslatib o‘tamiz, Armaniston va Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘da tinchlik o‘rnatishga ikki marta kelishdi, biroq ikki safar ham kelishuv bir necha soatga yetmay barbod bo‘ldi. Oradan bir necha kun o‘tib, Armaniston bosh vaziri mamlakat aholisiga qilgan murojaatida xalqni qo‘lga qurol olib, vatanni himoya qilishga chaqirdi.
“Asosiy maqsadimiz oxirigacha kurashish va xalqimiz manfaatlarini himoya qilishdan iborat. Bugun Ozarbayjon egallab turgan pozitsiya birinchi navbatda qo‘lga qurol olish va vatanni himoya qilishni taqozo etmoqda”, — deya Pashinyan so‘zlarini keltirgan Sputnik Armaniston.
Mamlakat bosh vaziri Qorabog‘dagilar Stepanakertga qaytishi va mahalliy armiya safiga qo‘shilishi lozimligini qo‘shimcha qildi. Shuningdek, Pashinyan mahalliy boshqaruv organlari, davlat boshqaruvi organlari, partiyalar va jamoat tashkilotlarini Bosh shtab rahbarligidagi ko‘ngillilar guruhlarini tashkil qilishga chaqirdi.
Qorabog‘dagi ozar-arman mojarosi davom etmoqda.
Arab-Isroil munosabatlaridagi iliqlashuv
BAA ortidan diplomatik aloqalar o‘rnatgan ikkinchi davlat Bahrayn bo‘ldi. Hafta boshida ikki davlat o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilgani e’lon qilindi. The Times of Israel xabariga ko‘ra, diplomatik aloqalarni o‘rnatish haqidagi bitimni imzolash marosimi Bahrayn poytaxti Manamada bo‘lib o‘tdi. Bundan tashqari, tomonlar hamjihatlik to‘g‘risida memorandumlarni imzoladi.Manamaga Isroil delegatsiyasidan tashqari, AQSh vakillari ham keldi — ushbu bitimga AQSh hamkorligida erishildi. Hujjatga Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Meir Ben-Shabbat hamda Bahrayn tashqi ishlar vaziri Abdullatif bin Rashid Al-Zayaniy imzo qo‘ydi.
Ta’kidlanishicha, ikkala tomon bir-biriga qarshi dushmanlarcha harakat qilmaslikka va uchinchi mamlakatlarning adovatli harakatlariga qarshi harakat qilishga va’da berdi. Hujjatda qo‘shimcha qilinishicha, ikkala tomon ham “Isroil-Falastin nizosini adolatli, keng qamrovli va barqaror tarzda tartibga solishga erishish bo‘yicha o‘z harakatlarini davom ettiradi”.
Bahrayn qiroli Hamad bin Isa al-Xalifa ma’lum qilishicha, turli madaniyatlar va dinlar o‘rtasida, ayniqsa, “xalqlari ko‘plab nizolar va kurashlardan jabr ko‘rgan” hududda, bag‘rikenglik, tinch-totuv yashash va hamjihatlik qadriyatlarini mustahkamlash muhimligiga ishonadi.
Amerika delegatsiyasiga rahbarlik qilgan AQSh moliya vaziri Stiven Mnuchin ikki mamlakat o‘rtasidagi kelishuvni “mintaqadagi barqarorlikka, mintaqa va u yerdagi mamlakatlarda barcha fuqarolar uchun gullab-yashnashga qo‘yilgan muhim qadam” deb atadi. Bitim imzolangach Isroil tashqi ishlar vazirligining yuqori mansabli amaldori Bahrayn TIV rahbariga Manamada Isroil elchixonasini ochish haqida rasmiy iltimos bitilgan xatni topshirdi. Hafta o‘rtalariga kelib esa BAA hamda Isroil o‘zaro vizasiz rejim joriy qilishga kelishib oldi.
Bu haqdagi kelishuv BAAning yuqori mansabli shaxslaridan iborat delegatsiyaning Isroil poytaxti Tel-Aviv shahriga safari vaqtida imzolandi. Ma’lum qilinishicha, kelishuvni imzolash marosimida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu, AQSh moliya vaziri Stiven Mnuchin va BAAning ikki nafar vaziri ishtirok etdi. Birlashgan Arab Amirliklari Isroil bilan o‘zaro vizasiz rejim haqida kelishuvga erishgan birinchi arab mamlakati bo‘ldi.
Shuningdek, BAA delegatsiyasining Isroilga tashrifi davomida investitsiyalarni himoya qilish, yo‘lovchi aviaqatnovlari, fan va texnologiyalar sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida kelishuvlar imzolandi. Vizasiz rejim kuchga kirishi uchun kelishuvni ikki mamlakat ham ratifikatsiya qilishi, shu jumladan, Isroil parlamenti ma’qullashi kerak. 23-oktabr kuni Isroil bilan aloqalarini yaxshilagan navbatdagi davlat Sudan bo‘ldi. Buning ortidan Falastin mazkur bitimni “orqadan berilgan zarba”, deb atadi.
Buning ortidan AQSh prezidenti Donald Tramp Sudanni terrorchilik tashkilotlariga homiylik qiluvchi mamlakatlar ro‘yxatidan chiqardi. Isroil ayni paytgacha to‘rtta arab mamlakati — Misr, Iordaniya, Bahrayn va BAA bilan munosabatlarni yaxshilash haqidagi tinchlik kelishuviga erishgan edi.
Afg‘onistonda o‘zbek tili bayrami
20-oktabr kuni Afg‘oniston poytaxti Kobul shahrida O‘zbek tili kuni davlat miqyosida keng nishonlandi. Unda Afg‘onistonga tashrifi doirasida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov rahbarligidagi O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi ham ishtirok etdi. Afg‘oniston tomonidan tadbirda Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani hamda mamlakatning oliy rahbariyati ishtirok etdi.Ma’lum qilinishicha, tadbir davomida jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ikki mamlakat xalqlarining umumiy ajdodlarining madaniy merosini asrab-avaylashga katta e’tibor qaratgani uchun O‘zbekiston hukumati nomidan do‘st bo‘lgan Afg‘oniston hukumati va xalqiga chuqur minnatdorchilik bildirildi.
Tadbirda O‘zbekiston Prezidentining tabrigi o‘qib eshittirildi, unda o‘zbek va afg‘on xalqlarining tarixiy taraqqiyoti yagona ilmiy va madaniy makon va zamonda ro‘y bergani madaniyat va an’analarning yaqinligini saqlab qolish, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida mustahkam do‘stona munosabatlarning shakllanishi uchun shart-sharoitlar vujudga kelishiga imkon bergani alohida ta’kidlandi.
Tadbirda Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani va Afg‘oniston jamoatchiligi a’zolari ham so‘zga chiqdi. Qayd etilishicha, Afg‘onistonda 21-oktabr – rasmiy jihatdan bayram kuni – O‘zbek tili kuni deb e’lon qilindi. Afg‘oniston Konstitutsiyasiga mamlakatning rasmiy tillaridan biri sifatida kiritilgan o‘zbek tili Afg‘onistonning 10 viloyatida keng tarqalgan va yildan yilga ommalashib bormoqda. Afg‘onistonda o‘zbek tilida bir nechta tele va o‘nlab radiokanallar efirga uzatiladi.
AQShdagi prezident saylovi
Ma’lumki, shu yilning 3-noyabr kuni AQShda navbatdagi prezident saylovi bo‘lib o‘tadi. Ammo saylov boshlanmasdan oldin ham fuqarolar muddatidan oldin ovoz berishmoqda. Jumladan, mamlakatdagi 50 million aholi allaqachon ovoz berib bo‘ldi. Saylovchilarning 35,3 millioni pochta orqali, 15,6 millioni esa saylov uchastkalariga kelib saylovlarda qatnashdi.Saylovchilarning umumiy soni 150 million nafarni tashkil qiluvchi AQSh prezidentligi uchun saylovlarda ro‘yxatga olinganlarning taxminan chorak qismi ovoz berib bo‘ldi. Bu AQSh tarixidagi prezidentlik saylovlarida ishtirok etish borasida yangi rekord. Muddatidan ilgari ovoz bergan fuqarolar soni bo‘yicha Texas yetakchilik qilmoqda, u yerda 6,4 million aholi saylovlarda ishtirok etdi. Kaliforniya hamda Florida ham yetakchi shtatlar qatorida, mos ravishda 5,8 million va 4,8 million aholi o‘z ovozini berdi.
AQSh prezidenti Donald Tramp ham 24-oktabr kuni Florida shtatining Vest-Palm-Bich shahrida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida muddatidan oldin ovoz berdi. To‘g‘ridan to‘g‘ri translyatsiya prezidentning saylovoldi shtabining YouTube kanalida amalga oshirildi.
Tramp saylov okrugiga rafiqasi Melaniyasiz yetib keldi. Niqob taqqan prezident oz sonli odamlar hamrohligida saylov uchastkasiga kirdi. U jurnalistlarni ovoz berish yaxshi tashkil etilgan va xavfsiz o‘tganiga ishontirdi.
“Men Tramp ismli yigitga ovoz berdim”, — dedi prezident.
Koronainfo
Butun dunyoni qamrab olgan COVID-19 kasalligi so‘nggi kunlarda yana barchaning tashvishiga sabab bo‘lmoqda. Kasallikka chalinganlar soni yana ortib ketmoqda. Bu, ayniqsa, Yevropa Ittifoqi hududini qamrab bormoqda. Bir qator yetakchi davlatlar karantin choralarini kuchaytirish haqida qaror qabul qilmoqda.Mazkur hafta davomida kasallikka chalinganlarning umumiy soni ikki millionga oshdi. Hozirga kelib butun dunyoda kasallikka chalinganlarning umumiy soni 43 milliondan oshdi. Shundan 31,7 million kishi tuzalgan bo‘lsa, 1,1 million kishi vafot etdi. Ayni paytda 10 milliondan ortiq bemor davolanmoqda. Eng ko‘p kasallik holatlari soni bo‘yicha AQSh, Hindiston, Braziliya, Rossiya, Ispaniya va Fransiya davlatlari yetakchilik qilmoqda.
Jahongir Ostonov tayyorladi.
Izoh (0)