AQSH prezidenti Donald Tramp yaqin kunlarda Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan urushni tugatish bo‘yicha muzokaralar olib boradi. CNN nashri uchrashuvdan so‘ng Ukrainadagi urush yakunlanishining 5 ta ehtimoliy ssenariysini e’lon qildi.

Mazkur ssenariylardan faqat bittasi Ukraina uchun ijobiy hisoblanadi. Shunga qaramay, ularning hech biri Kiyevning ishtirokisiz amalga oshmaydi.
O‘t ochishni to‘xtatish
Jurnalistlar fikricha, bu variant ehtimoldan yiroq. Rossiya yangi sanksiyalar tahdidiga qaramay, bahorda bunday taklifni rad etgan. Hozir Moskva sharqda faol hujum qilib, hududiy yutuqlarini mustahkamlashga urinmoqda. Hatto Rossiyaning hamkorlari bo‘lgan Xitoy va Hindistonga qo‘shimcha bosim ham kuzgacha bu pozitsiyani o‘zgartirmasligi mumkin. Oktabrgacha rus armiyasi Pokrovsk, Konstantinovka va Kupyanskni egallab olishi kutilmoqda.
Muddati uzaytirilgan muzokaralar
Eng real ssenariylardan biri — qish kelishi bilan front chizig‘ida urushni “muzlatib qo‘yish”. Agar Rossiya yuqoridagi shaharlarni egallab olsa, muzokaralarda ustun mavqega ega bo‘ladi. Bu variantda rossiyaparast nomzodni Ukrainada hokimiyatga olib kelish rejasi ham ko‘rib chiqilmoqda.
Ukraina yana ikki yil urushga bardosh bera oladi
Bu ssenariyda AQSH va Yevropa ittifoqining harbiy yordami Kiyevga mavjud chegaralarni saqlab qolish imkonini beradi. Shuningdek, Moskvani yana muzokaralarga qaytishga undaydi. Agar frontda muvaffaqiyatga erishilsa, Yevropa Kiyev va yirik shaharlar yaqinida logistika va razvedkaga yordam beradigan “tiyib turish kuchlari” — NATO kontingentini yuborishi mumkin.

Ukraina va NATO uchun falokat
Tahlilchilarga ko‘ra, agar AQSH yordami to‘xtasa va Tramp hamda Putin o‘rtasida shartli “yumshash” yuz bersa, Rossiya sharqiy frontni yorib o‘tib, Ukraina ichkarisiga kirib borishi mumkin. Yevropa vaziyatni nazoratda ushlab qolishga urinadi, biroq AQSHsiz bunga kuchi yetmasligi ehtimoli bor. Bu eng yomon ssenariy bo‘lib, Ukraina mudofaasi qulashi, siyosiy inqiroz va hatto davlat mustaqilligini yo‘qotish xavfiga olib keladi.
Putin uchun halokat: Afg‘oniston ssenariysi
Harbiy resurslarning tugashi, sanksiyalarning kuchayishi, Xitoy va Hindistonning qo‘llab-quvvatlovi zaiflashishi hamda elita ichidagi norozilik Rossiyani urushni tugatishga majburlashi mumkin. Oqibatda Moskva Afg‘onistonda bo‘lgani kabi Ukrainadan o‘zi chiqib ketadi.
Yevgeniy Prigojin (sobiq “Vagner” rahbari) qo‘zg‘oloni tizim aslida ko‘ringanidek barqaror emasligini allaqachon ko‘rsatgan. Bu ssenariyda Putin kutilmaganda hamma narsasini yo‘qotmaguncha kuchli ko‘rinadi.
Izoh (0)