AQSH hukumati Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni hibsga olishga yordam berganlarga taqdim etiladigan mukofot pulini ikki baravar oshirib, 50 million dollarga yetkazdi. Bu haqda BBC xabar berdi.

AQSH Bosh prokurori Pam Bondiga ko‘ra, Maduro to‘g‘ridan to‘g‘ri giyohvand moddalar kontrabandasiga aloqador bo‘lib, Vashington siyosatchini “dunyodagi eng yirik narkotrafikchilardan biri” deb atamoqda. Qo‘shma Shtatlar allaqachon siyosatchini qo‘lga tushirish uchun 25 million dollar mukofot e’lon qilgan edi.
Ma’lum qilinishicha, u Kolumbiyadagi FARC isyonchilari bilan hamkorlik qilib, AQSHga kokain oqimini “qurol sifatida” ishlatishda ayblanmoqda. Shu paytgacha Maduroning o‘zi va sheriklariga tegishli 30 tonna kokain musodara qilingan, shundan qariyb 7 tonnasi to‘g‘ridan to‘g‘ri prezidentga bog‘liq hisoblanadi.
Venesuela hukumati bu ayblovlarga rasmiy javob bermagan. Maduro esa avvaldan AQSHning bunday da’volarini rad etib keladi. AQSHda Donald Tramp prezidentligi davrida Maduro va bir qator yuqori lavozimli venesuelalik amaldorlar narkoterrorizm, korruptsiya va giyohvand moddalar savdosida ayblangan. Vashington, shuningdek, Maduroni “Tren de Aragua” guruhi va Meksikadagi qudratli “Sinaloa” karteli bilan hamkorlik qilishda gumon qilmoqda.
2013-yilda Venesuela hokimiyatiga kelgan Maduro muxoliflarni bostirish va norozilarni zo‘ravonlik bilan bo‘ysundirishda ham ayblanadi. Siyosatchi 2024-yili o‘tkazilgan va xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan saylovdan keyin ham hokimiyatini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgan.
Venesuelaning sobiq harbiy razvedka rahbari Ugo Karvaxal 2025-yil iyun oyida AQSHda bir necha giyohvand moddalar kontrabandasi ayblovlari bo‘yicha sudlangan. U avval ayblovlarni rad etgan bo‘lsa-da, keyinroq aybini tan olib, hozirda AQSH hukumati bilan Maduroga qarshi hamkorlik qilayotgani taxmin qilinmoqda.
Ma’lumot uchun, yil boshida AQSHdan tashqari Buyuk Britaniya va Yevropa ittifoqi ham Maduroning qayta prezident bo‘lishi ortidan uning hukumatiga qarshi bir qancha sanksiyalar joriy qilgan.
Izoh (0)