Somalining 22 mingdan ortiq aholisi, jumladan 11 mingdan ziyod bola, mamlakatning markaziy qismidagi Maxas tumanidagi shiddatli janglar sababli uylarini tashlab ketishga majbur bo‘ldi. Bu haqda BMTning Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi Reliefweb axborot xizmati “Bolalarni qutqaring” xalqaro tashkilotiga asoslanib xabar berdi.

“Shiddatli janglar oqibatida Somalining markaziy qismidagi Maxasda 22 mingdan ortiq kishi, shu jumladan 11 mingdan ziyod bola boshqa joylarga ko‘chirildi”, deyiladi xabarda.
Boshqarmaning qo‘shimcha qilishicha, “Xiron mintaqasida mahalliy qo‘shinlar, hukumat kuchlari va nodavlat qurolli guruhlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar so‘nggi ikki oy ichida kuchayib, 27-iyul kuni esa vaziyat keskin tus olgan”.
“Bolalarni qutqaring” tashkilotining ta’kidlashicha, janglar avj olgan sharoitda ular qo‘llab-quvvatlayotgan 21 ta tibbiyot markazining ishi to‘xtatilgani chuqur tashvish uyg‘otmoqda. Mojaro natijasida suv manbalari shikastlandi va oziq-ovqat bilan bog‘liq vaziyat sezilarli darajada yomonlashdi. Tashkilot “o‘g‘il bolalarni jangovar harakatlarda qatnashishga jalb qilish haqidagi xabarlar ko‘payib borayotgani”dan xavotirda.
Mahalliy hokimiyat va gumanitar tashkilotlar ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi ikki oy ichida Somalining markaziy va janubiy qismidagi mojarolar Xiran va Gedo mintaqalarida 100 mingga yaqin odamning ko‘chib ketishiga sabab bo‘lgan, bu esa “shundoq ham cheklangan mahalliy resurslarga qo‘shimcha yuk bo‘lmoqda”.
Bundan avval so‘nggi bir yil ichida o‘n minglab isroilliklar urushdan qochish maqsadida Isroildagi uylarini tark etishga qaror qilishgani xabar qilingandi. Ba’zi muhojirlar shu yo‘l bilan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu siyosatiga noroziligini ham bildirmoqda.
Izoh (0)