So‘nggi bir kecha-kunduzda dunyo bo‘ylab 338 799 kishi koronavirus yuqtirib oldi, bu butun pandemiya davridagi yangi rekord bo‘ldi. Bu haqda “RBK” Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti saytiga tayanib xabar bermoqda.
Yangi holatlarning eng ko‘p soni Amerika qit’asida qayd etilgan — u yerda bir sutkada 122 715 kishi kasallikni yuqtirgan. Undan keyinda Yevropa (96,9 mingta yangi holat), uchinchi o‘rinda — Janubi-sharqiy Osiyo (89,6 mingta yangi holat) bormoqda.
Bundan avvalgi rekord JSST tomonidan 4-oktabr kuni qayd etilgan, o‘shanda koronavirusga chalinish bilan bog‘liq yangi holatlar bir kunda 330 mingtaga ko‘paygan edi.
Tashkilot statistikasiga ko‘ra, dunyoda koronavirusni yuqtirib olganlarning jami soni 36,002 milliontani tashkil etadi. Jons Hopkins universiteti ma’lumotlari bo‘yicha esa, ularning soni 36 337 110 nafarga teng.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda COVID-19 infeksiyasini yuqtirib olganlar soni rasman 60 ming kishidan oshdi. Sog‘liqni saqlash vazirligining 8-oktabr soat 18:00 holatiga doir ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda jami 60026 holatda koronavirus infeksiyasi aniqlangan.
Ma’lumot uchun, dunyoda koronavirusga chalinganlar soni 30-avgustda 25 million, 11-sentabrda 28 million, 14-sentabrda 29 million, 18-sentabrda 30 million, 21-sentabr kuni 31 million, 5-oktabr kuni 35 million, 8-oktabr kuni 36 million kishidan oshgan edi.
Izoh (0)