Butun dunyo bo‘yicha COVID-19 koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni 29 million kishidan oshdi. Bu haqda Jons Hopkins universiteti tomonidan ma’lum qilindi.

Foto: “RIA Novosti”

Universitet ma’lumotlariga ko‘ra, butun dunyoda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni 29 059 868 kishini tashkil qilmoqda. COVID-19 kasalligi oqibatida vafot etganlarning soni esa 924 953 kishiga yetgan. Dunyo bo‘yicha koronavirusga chalinganlarning 19 652 377 nafari kasallikdan tuzalishga muvaffaq bo‘lgan.

Dunyo mamlakatlari orasida koronavirus qayd etilgan bemorlar soni bo‘yicha AQSh yetakchilik qilmoqda. Shu paytga qadar AQShda 6 526 143 kishiga COVID-19 tashxisi qo‘yilgan, 194 155 kishi kasallik qurboniga aylangan, 2 451 406 kishi kasallikdan tuzalgan.

Kasallanganlar soni bo‘yicha keyingi o‘rinlarni Hindiston, Braziliya va Rossiya egallab turibdi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan bir sutka ichida butun dunyoda koronavirus bilan kasallanganlar soni 307,9 ming kishiga oshib, koronavirus bilan kasallanishlar soni bo‘yicha yangi sutkalik rekord qayd etilgandi.\

Ma’lumot uchun, dunyoda koronavirusga chalinganlar soni 3-avgust kuni 18 millionga, 7-avgust kuni 19 millionga, 10-avgustda 20 millionga yetgan, 15-avgust kuni esa 21 milliondan, 19-avgust kuni esa 22 milliondan oshgandi. 22-avgustda bu ko‘rsatkich 23 millionga yetgan. 27-avgustda 24 milliondan, 30-avgustda esa butun dunyo bo‘ylab koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni 25 million nafardan oshgan. 11-sentabr kuni butun dunyoda koronavirus yuqtirib olganlar soni 28 million kishidan oshdi.