O‘zbekistonda COVID-19 infeksiyasini yuqtirib olganlar soni rasman 60 ming kishidan oshdi. Sog‘liqni saqlash vazirligining 8-oktabr soat 18:00 holatiga doir ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda jami 60026 holatda koronavirus infeksiyasi aniqlangan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish bilan bog‘liq dastlabki rasmiy tasdiqlangan holat 15-mart kuni, bir necha kun avval Fransiyadan qaytgan shifokor ayolda qayd etilgan edi (ayni vaqtda hukumat vakillari kasallik bundan ancha avval kirib kelgan bo‘lishi mumkinligini inkor etmaydi).

Rasman tasdiqlangan kasallanish holatlari soni 28-mart kuni 100 dan, 7-aprel kuni 500 dan, 14-aprel kuni 1000 dan, 29-aprel kuni 2 mingdan, 14-iyun kuni 5 mingdan, 5-iyul kuni 10 mingdan, 27-iyul kuni 20 mingdan, 10-avgust kuni 30 mingdan, 26-avgust kuni 40 mingdan, 19-sentabr kuni 50 mingdan oshgan edi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi qo‘shimcha qilishicha, 8-oktabr soat 18:00 holatiga ko‘ra shu vaqtgacha tasdiqlangan bemorlarning 56837 nafari (94 foizi) sog‘aygan, kasallik asoratlari oqibatida vafot etganlar soni 496 nafarga yetgan (“Daryo” nashri 22-sentabrga qadar yuritgan alohida statistika bo‘yicha, qurbonlar soni kamida 19 nafarga ko‘p).

Kasallanganlar soni 60 mingdan bir necha barobar ko‘p bo‘lishi mumkin

O‘zbekiston hukumati koronavirus statistikasiga doir raqamlarni yashirish yoki ularni buzib ko‘rsatishdan manfaatdor emasligini muntazam ta’kidlab kelsa (shunday bayonotlarning so‘nggisi 7-oktabr kuni berildi), aslida kasallanganlar soni rasmiy statistikadagidan ikki-uch barobarga ko‘p bo‘lishi mumkinligini aynan shu hukumat tuzilmalariga aloqador mas’ullar ham, shu hukumat qoshida tuzilgan Respublika maxsus komissiyasi ham tan olgan, ta’kidlagan.

Iyul oyida karantin tartibi qayta kuchaytirilishi arafasida, 8-iyul kuni tashkil etilgan matbuot anjumanida Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha shtab a’zosi Habibulla Oqilov COVID-19’ni yuqtirib olganlar soni rasmiy statistikadagidan ikki-uch barobarga ko‘p bo‘lishi mumkinligini aytib o‘tgan edi.

“Kasallanganlar soni kuniga 350 taga ko‘payyapti degani — bu biz bilgan statistika. Buni orasida hali qancha tahlilga yetib bormagan, lekin aslida kasallangan, simptomsiz yurgan bemorlar soni ikki-uch barobar ko‘proq ham bo‘lishi mumkin…PZR tahlilining javobi chiqishiga ikki-uch kun, hatto bir haftagacha vaqt ketib qolyapti, bu vaqtning ichida esa PZRi bormi, yo‘qmi, deb gumonda turgan bemor xalqning ichida yuribdi, kun sayin beshtaga yuqtiryapti, u besh kishi boshqa 25 kishiga yuqtirib, kasallarning soni shu tariqa ko‘payib ketyapti”, — degandi Oqilov.

9-iyul kuni esa Respublika maxsus komissiyasi O‘zbekistonda kuchaytirilgan karantin tartibi qayta tiklanishi sabablarini izohlarkan, “rasmiy statistika faqat aniqlangan kasallanish holatlarini qayd etayotgani, haqiqiy holat, boshqa mamlakatlardagi kabi, bir necha barobar farqli bo‘lishi mumkin”ligini tan olgan edi. “Sababi hamma bemorlar ham tibbiy yordamga murojaat qilmayapti, simptomsiz bemorlarni esa hisobga olishning imkoni yo‘q”, — deyilgandi komissiya murojaatida.

Toshkent tibbiyot akademiyasi prorektori, SSV huzuridagi koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Shuhrat Boymurodov 20-sentabr kuni “O‘zbekiston 24” telekanalining “Studiya 24” dasturidagi chiqishida rasmiy statistikaga faqat rasman murojaat qilib yoki davolash muassasalarida test topshirgan va testining natijasi musbat chiqqan fuqarolargina kiritilganini aytib o‘tgandi.

“Test deyapmiz, bu rasmiy murojaat qilgan yoki davolash muassasalarida test olingan bemorlar soni, lekin test topshirmay, virusni yuqtirib olib, kasallikni o‘zida to‘liq o‘tkazgan fuqarolarimiz ham kam emas... Fuqarolar o‘rtasida savollar shunchalik ko‘p bo‘ldiki, to‘rt-besh marta test topshirgan, ammo har safar test natijasi manfiy chiqqan, shunga qaramay unda kasallikning klinik belgisi bor. Ma’lum bir vaqt, bir yarim oy o‘tgach u organizmidagi antitanani aniqlash uchun qonidan test topshirsa, natija musbat chiqqan. Ya’ni bu fuqaro kasallikni o‘zida to‘liq o‘tkazgan, degan xulosa berish mumkin. Shu bois bugungi kunda kasallikni boshidan o‘tkazgan fuqarolarimiz ham ko‘p”, — degandi ToshTA prorektori Shuhrat Boymurodov.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari bo‘yicha, 8-oktabr soat 19:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekiston aholisi soni 34 404 850 nafarni tashkil etmoqda. Agar rasmiy statistika bo‘yicha O‘zbekistonda 60 026 kishida koronavirus aniqlanganini hisobga olsak, mamlakat aholisining 0,17 foiziga teng qismidagina COVID-19 rasman tasdiqlangan.