Qozog‘iston hukumati Kaspiy dengizi muammolarini o‘rganish uchun 305 million tenge (560 ming dollardan ortiq) mablag‘ ajratdi.

Mablag‘ni “Qozog‘iston Kaspiy dengizi ilmiy-tadqiqot instituti” nodavlat aksiyadorlik jamiyati oladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ajratilgan mablag‘lar institutni yanada rivojlantirishga yo‘naltiriladi hamda gidrobiologiya va gidrokimyo, gidrometeorologiya, sun’iy yo‘ldosh monitoringi laboratoriyalarida tadqiqot ishlarini o‘z vaqtida va samarali olib borish hamda ilmiy-tadqiqot instituti oldiga qo‘yilgan boshqa vazifalarni hal etish imkonini beradi.
Institut faoliyatiga baliq resurslari zaxiralarini baholash, ularni saqlash usullari va texnologiyalarini ishlab chiqish, ixtiofaunani o‘rganish, tyulenlarning ommaviy nobud bo‘lish sabablarini aniqlash va ularning populyatsiyasini saqlab qolish masalalari kiradi. Bundan tashqari, u dengizning gidrologik jarayonlarini o‘rganish va uning sathini kuzatish, iqlim o‘zgarishlari, shuningdek, ularning ekotizimga ta’sirini tahlil qilish, suv sifati, biologik xilma-xillik va Kaspiy dengizi akvatoriyasi hamda qirg‘og‘ining Qozog‘iston qismidagi boshqa parametrlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plash va tahlil qilish bilan shug‘ullanadi.
Ekolog-jamoatchilarning ma’lumotlariga ko‘ra, Kaspiy dengizi sathi har yili 70 santimetrga pasaymoqda. Qozog‘istonning ayrim viloyatlarida esa qirg‘oq chizig‘i allaqachon 18 kilometrgacha orqaga chekingan.
May oyida rossiyalik olimlar Kaspiy dengizining shimoliy qismida suv sathining pasayishi natijasida yangi orol paydo bo‘lganini tasdiqlashgandi.
Izoh (0)