Soliq qo‘mitasining my3.soliq.uz maʼlumotlar bazasida texnik nosozlik yuz berdi. Oqibatda 30,1 ming soliq to‘lovchining hisobidan asossiz ravishda jami 399,3 milliard so‘m mablag‘ yechib olingan. Bu haqda 13-avgust kuni qo‘mita axborot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, soliq to‘lovchilardan quyidagi miqdorlardagi pullar asossiz yechib olingan:
- 7 203 nafar soliq to‘lovchidan – 100 ming so‘mgacha;
- 10 165 nafar soliq to‘lovchidan – 100 ming so‘mdan 1 mln so‘mgacha;
- 8 270 nafar soliq to‘lovchidan – 1 mln so‘mdan 10 mln so‘mgacha;
- 3 780 nafar soliq to‘lovchidan – 10 mln so‘mdan 100 mln so‘mgacha;
- 672 nafar soliq to‘lovchidan – 100 mln so‘mdan 1 mlrd so‘mgacha;
- 10 nafar soliq to‘lovchidan – 1 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘lar yechib olingan.
Qo‘mita soliq organlari mablag‘larni bugungi kun oxirigacha soliq to‘lovchilarning hisob raqamlariga qaytarishishi bildirgan.
“Soliq to‘lovchilarning hisobidan yechib olingan mablag‘larni qaytarish bo‘yicha tegishli xulosalar to‘liq G‘aznachilikka yuborilgan. Mablag‘larni qaytarish avtomatik tarzda amalga oshiriladi, soliq to‘lovchilardan yozma murojaat talab etilmaydi. Shu bilan birga, tijorat banklarida hali ijro qilinmagan inkasso topshiriqlari ham qaytarib olinishi taʼminlandi”, deyilgan manbada.
Qayd etilishicha, soat 18:00 holatiga ko‘ra, 20 608 ta subyektga 274,7 mlrd so‘m qaytarilishi taʼminlangan.
Izoh (0)