29-sentabr kuni Nyu-York fond birjasida Amerika razvedkasi uchun soft yetkazib beruvchi hamda zamonamizning eng sirli IT-kompaniyasi deb atash joiz bo‘lgan Palantir Technologies kompaniyasi o‘z aksiyalarini joylashtirdi, deb yozadi Meduza. Palantir’ning ishlanmalari haqida ko‘plab afsonalar yuradi — aynan uning dasturiy ta’minoti yordamida AQSh maxsus xizmatlari 2011-yilda “birinchi raqamli terrorchi” Usama bin Ladenni topishga va yo‘q qilishga muvaffaq bo‘lgan deb hisoblashadi. Birjaga joylashtirish yakunlariga ko‘ra, kompaniya 21 milliard dollarga baholandi.
“PayPal mafiyasi” — AQSh xavfsizligi soqchisi
Palantir asoschisi Piter Til — AQShdagi eng mashhur investorlardan va IT-tadbirkorlardan biri. Uning birinchi katta muvaffaqiyati 1999-yilda PayPal to‘lov servisining yaratilishi bo‘lgan edi. G‘oya dastlab onlayn-to‘lovlar uchun himoyalangan “raqamli hamyon” ishlab chiqishdan iborat bo‘lgan, ammo aslida gap qog‘oz cheklar va bank o‘tkazmalarining muqobili haqida borgan.PayPal 2000-yilda yuz bergan dotkomlarning barbod bo‘lishidan bir yil avval ishga tushirilgan, o‘shanda AQShda yuzlab internet-kompaniyalar bankrotlikka uchragan. Ammo omon qolganlari, aksincha, o‘ziga ko‘p e’tibor tortib, ishonch qozona boshladi. Ushbu davrdan muvaffaqiyatli o‘ta olgan PayPal shiddat bilan rivojlandi va 2002-yil fevralidayoq IPO o‘tkazdi, yarim yildan keyin esa eBay tomonidan o‘sha payt uchun juda katta hisoblangan 1,5 milliard dollarga sotib olindi. Tilga tegishli bo‘lgan 3,7% aksiyalar unga 55 million dollar keltirdi.
PayPal’ning ko‘pchilik xodimlari eBay’da uzoq qolmadi — keyingi to‘rt yil ichida ular asta-sekinlik bilan kompaniyani tark etib, yangi startaplarni yaratishga kirishdi. LinkesIn, YouTube, Yelp, Slide, Tesla, SpaceX — bularning barchasi PayPal’dan chiqqanlarning ijod mahsuli, ularni Kremniy vodiysida “PayPal mafiyasi”, Piter Tilni esa uning “don”i deb atay boshlashdi.
Palantir Technologies’ni Til PayPal muvaffaqiyatli sotilganidan keyin bir yil o‘tib, 2003-yilda yaratdi. Qaysidir ma’noda bu kompaniya PayPal’ning davomi bo‘ldi: Tilning g‘oyasi PayPal’ning ishlanmalaridan firibgarlikka qarshi “boshqa kontekstlarda, masalan, terrorizmga qarshi kurash uchun” foydalanishdan iborat edi. O‘z intervyularida Piter Til ko‘p marta ta’kidlaganidek, 2001-yil 11-sentabrda AQShda yuz bergan terrorchilik hujumlaridan keyin xavfsizlik, fuqarolar erkinligi va ular o‘rtasidagi muvozanatni saqlash imkoniyatlari masalalari faol muhokama qilingan.
Til hukumat organlariga va razvedka xizmatlariga odamlarning shaxsiy hayotiga bostirib kirishni kamaytirgan holda, xavfsizlik bilan bog‘liq axborotni qo‘lga kiritish imkoniyatini beruvchi vositani ishlab chiqishni xohlardi. Gap xavf tug‘ilayotganini — jinoyat yoki teraktni amalga oshirishga tayyorgarlikni ko‘rsatadigan yaqqol bo‘lmagan qonuniyatlarni qidirish maqsadida, maksimal miqdordagi mavjud manbalardan to‘plangan o‘ta katta ma’lumotlar to‘plamlarini tahlil qilish haqida borardi. Bugungi kunda bu “katta ma’lumotlar”ni tahlil qilish deb ataladi va buning uchun ko‘plab dasturiy-apparat ishlanmalar bor, ammo 2000-yillar boshida vaziyat boshqacha edi.
Palantir degan nomning o‘zi yozuvchi J.R.R. Tolkinga borib taqaladi: uning afsonaviy dunyosida “ko‘zli toshlar”, shunday ataladi, ular yordamida hozirgi yoki o‘tgan zamonda boshqa joyda yuz berayotgan hodisalarni kuzatish, shuningdek, uzoqda bo‘lgan odam bilan (unda ham palantir bo‘lsa) gaplashish ham mumkin. Til Tolkin asarlarini sevib o‘qishi aniq: 2012-yilda u Valar Ventures degan investfond yaratgan bo‘lib, bu nom ham Tolkin olamiga taalluqli.
Palantir dasturiy o‘zagini yaratishni Stenford talabasi Stiven Koenga topshirgan bo‘lsa, bosh direktor lavozimiga Stenford huquq maktabidagi kursdoshi Aleksandr Karpni taklif qildi. Hozirda Palantir’ning asosiy aksiyadorlari — shu uch kishi. Kompaniyaga birinchi bo‘lib chetdan investitsiya kiritgan tashkilot — Markaziy razvedka boshqarmasining investitsiyaviy bo‘linmasi — In-Q-Tel bo‘ldi.
Kompaniya mehnatining samarasi davlat organlari uchun Palantir Gotham va tijorat kompaniyalari uchun Palantir Foundry dasturiy mahsulotlari bo‘ldi. Gotham ko‘plab ma’lumotlardagi yashirin aloqalarni aniqlaydi va muayyan signallarni topadi. Bu platformadan, masalan, politsiyachilar, AQSh immigratsiya va bojxona xizmatlari foydalanadi. Foundry esa shunga o‘xshash funksiyalarni tijorat korxonalariga taqdim etadi, undan Airbus aviasozlik kompaniyasi ham foydalanadi. Palantir hujjatlariga ko‘ra, kompaniyaning 125 ta mijozi bo‘lib, ular butun dunyo bo‘ylab 150 ta mamlakatda ishlaydi.
Palantir’ning ishlanmalari moliyaviy firibgarlik bilan kurashda, kiberjosus kampaniyalarni aniqlashda, Afg‘oniston va Iroqda fugaslar (portlovchi modda zaryadi) joylashtirilgan joylarni topishda, yo‘qolgan bolalarni qidirishda, yuqumli kasalliklar tarqalishiga qarshi kurashda va hatto, tartibni prediktiv qo‘riqlash kabi noodatiy dasturlarda ham qo‘llaniladi.
Biroq davlat organlari bilan hamkorlik asosan yashirin xususiyatga ega: bu haqdagi ma’lumotning bir qismi ommaga jurnalistlarning qo‘liga anonim manbadan kelib tushgan maxfiy hujjatlardan ma’lum bo‘lgan. Masalan, 2015-yilda AQShning razvedka va kontrrazvedka bilan shug‘ullanuvchi idoralari Palantir yordamida o‘zining tarqoq ma’lumotlar bazasini birlashtirgani xabar qilingan edi. Kompaniyaning IPO uchun taqdim etilgan materiallaridan ma’lum bo‘lishicha, Palantir’ning strategik maqsadi AQSh davlat organlarida mavjud barcha ma’lumotlar uchun “yagona operatsion tizim” yaratishdan iborat.
Ammo aynan Palantir yaratgan dastur yordamida AQSh maxsus xizmatlari 2011-yilda “birinchi raqamli terrorchi” Usama bin Laden joylashgan joyni topishga muvaffaq bo‘lgani haqidagi yangilik eng kattasi bo‘ldi.
Shu bilan birga, Palantir’ning davlat organlari bilan faoliyatini ko‘p tanqid ham qilishadi. Kompaniyaning AQSh Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati (ICE) bilan hamkorligi mojaroga aylandi: 2017-yilda sizib chiqqan hujjatlardan ma’lum bo‘ldiki, chegarachilar noqonuniy muhojirlarni qidirish va deportatsiya qilishda Palantir ishlanmalaridan foydalanar ekan. Ayni shu vaqtda prezident Donald Tramp ham noqonuniy muhojirlarga qarshi kurash bo‘yicha faol kampaniyani boshlagan, bu AQShda ko‘plab tanqidlarga sabab bo‘lgan edi.
Palantir’da dastlab buni rad etishga urinishdi, ammo keyinroq Amnesty International huquqni himoya qilish tashkiloti e’lon qilgan ma’ruzada ham Palantir AQSh chegarachilari ham ortiqcha hamkorlikda ayblandi. Amnesty International fikricha, kompaniya “o‘ziga sherik qidirishda befarqlik ko‘rsatib, shu tarzda inson huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘yib beradi”.
Kompaniyaning ICE bilan hamkorligi Palantir xodimlari o‘rtasida qo‘zg‘olonni keltirib chiqardi, ammo bu samara keltirmadi. Ustiga-ustak, Palantir asoschilaridan biri va bosh direktori Aleksandr Karp AQSh hukumatining ularni qo‘llab-quvvatlashi haqida ochiq gapirib, bunday ko‘makdan bosh tortayotgan texnologik kompaniyalarni “sotqinlar” va “omadsizlar” deb ham atadi. U, xususan, Google’ni nazarda tutgan edi, u o‘sha davrda xodimlari tomonidan ko‘rsatilgan noroziliklar tufayli Pentagon bilan katta bitim tuzmagan edi.
Palantir bosh shtabi Kaliforniyadan Kolorado shtatining Denver shahriga ko‘chib o‘tdi, bu ko‘p jihatdan mafkuraviy nuqtayi nazardan bo‘lib, kompaniya asosochilari Kremniy vodiysini qadriyatlari yo‘qligi uchun tanqid qilgan edi.
Oxir-oqibat, 2020-yil aprelida, COVID-19 pandemiyasining ayni avjida, AQSh Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta’minot vazirligi Palantir bilan koronavirusga qarshi kurash uchun HHS Protect tahliliy platformasini yaratish maqsadida 25 million dollarlik shartnoma tuzganida, AQSh kongressining 15 a’zosi vazirlikdan tahlil uchun qanday ma’lumotlar ishlatilishi va vazirlik ularni yana kim bilan bo‘lishishni rejalashtirayotgani haqida hisobot talab qildi. “Biz Palantir tomonidan muhojirlarni qidirish va qo‘lga olish uchun ishga tushirilgan kuzatuv tizimiga HHS Protect platformasi tomonidan to‘planadigan shaxsiy tibbiy ma’lumotlar ham kelib tushishidan xavotirdamiz”, — deyilgan kongressmenlar xatida. Bunga javoban vazirlik vakillari tizimda barcha ma’lumotlar shaxssiz ekanligini va chegara xizmati HHS’dan foydalana olmasligini aytgan.
Piter Til Donald Trampni 2016-yilda uning saylov kampaniyasi chog‘ida qo‘llab-quvvatlagani ham Palantir’ning shov-shuvli jihatini yanada oshirdi. Bu Trampga qarshi tomonga biznesmenga va uning kompaniyasiga ta’na-malomatlar yog‘dirish uchun vaj bo‘ldi. Shungacha yetib bordiki, Trampning o‘ta o‘ng tarafdorlari tomonidan tarqatilgan dezinformatsiyaga nisbatan Facebook moderatorlarining sust va poyma-poy reaksiyasini Piter Tilning Facebook direktorlar kengashidagi o‘rni bilan bog‘lay boshlashdi. Oxir-oqibat AQShda siyosatchilar tomonidan Palantir faoliyatini shaffofroq qilish talabi tobora ko‘proq yangramoqda, kompaniyaning birjaga chiqishi esa buning uchun ko‘proq asos beradi.
Birjaga chiqish
Palantirning ehtimoliy IPO’si haqida 2018-yil oxirida ma’lum bo‘lgan edi, o‘shanda bu haqda The Wall Street Journal o‘z manbalariga tayanib xabar bergan. O‘sha vaqtgacha kompaniya xususiy investorlardan bir nechta o‘nlab investitsion raundlarda qariyb ikki milliard dollar jalb qilishga ulgurgan edi. Ammo faoliyatining yopiqligi tufayli, unga berilgan baholar tubdan farq qilar edi: masalan, 2015-yilda investraund chog‘ida Palantir 20,3 milliard dollarga baholangan bo‘lsa, uch yil o‘tib, Morgan Stanley tahlilchilari uni bor-yo‘g‘i 6 milliard dollarga baholadi.2020-yil 29-sentabr kuni NYSE’ga joylashtirilayotgan vaqtida Palantir taxminan 21 milliard dollarga baholandi: savdolar boshida uning aksiyalari donasi 10 dollar turgan bo‘lsa, keyinroq 11,4 dollargacha o‘sdi, yopilishga kelib, bitta qimmatbaho qog‘oz bahosi 9,5 dollarga teng bo‘ldi. Birjaga chiqish aksiyalarni to‘g‘ridan to‘g‘ri joylashtirish (DPO) formatida bo‘ldi. Bevosita listingda, IPO’dan farqli ravishda, kompaniya yangi aksiyalar chiqarmaydi, balki joriy aksiyadorlarga tegishlilarini sotadi. Palantir 257 milliondan ortiq aksiyani sotdi va, shu tariqa, o‘z egalariga, ayniqsa, asoschisi Piter Tilga jami 2,5 milliard dollarni qo‘lga kiritish imkoniyatini berdi.
Kompaniyaning bunday baholanishi ham ko‘pchilikka noaniq bo‘lib tuyuldi. Gap shundaki, kompaniya o‘zining 17 yillik faoliyati davomida zarar keltiradigan bo‘lib kelgan va daromadining o‘sish sur’atlari ham so‘nggi yillarda sekinlashmoqda. 2019-yil yakunlariga ko‘ra, Palantirning daromadi 742,6 million dollarni, sof zarari esa 579,6 million dollarni tashkil qilgan. Shu bilan birga, o‘z qimmatbaho qog‘ozlariga investitsiya kiritish risklari haqida aytib, kompaniya o‘z prospektida ogohlantirishicha, “operatsion xarajatlar o‘sishini kutmoqda va hech qachon foyda olmasligi ham mumkin”.
Palantir’da haqiqatan ham tejashni yoqtirishmaydi. Masalan, kompaniyaning sotuv va marketing xarajatlari 2019-yilda 450 million dollarni tashkil qilgan, 321 million dollar umumiy va ma’muriy maqsadlarga ishlatilgan, bu hatto tadqiqotlar va ishlanmalarga ketgan xarajatlar — 305,5 million dollardan ham ko‘proq. Shu tariqa, jami operatsion xarajatlar 1,07 milliard dollardan oshdi va daromaddan taxminan 45 foizga ko‘proq bo‘ldi.
AQSh davlat organlari bilan shartnomalarga bog‘liqlik Palantir moliyaviy holatining bir vaqtning o‘zida ham kuchli, ham zaif tomoni hisoblanadi. Amerika hukumati Palantir’ning eng yirik mijozidir: 2020-yilning birinchi yarmida 53,5 foiz daromad — 258 million dollarni kompaniya davlat shartnomalaridan ishlab topdi. Biznesning bir nechta mijozlargagina tobe bo‘lib qolishi risk omili hisoblanadi, Palantir esa buni o‘z prospektida tan oladi.
Ammo bunga boshqacharoq ham qarash mumkin: yillik davlat shartnomalarini barqarorlik belgisi deb baholash mumkin, chunki yaqin kelajakda Amerika hukumati Palantir ishlanmalaridan voz kechadi deb o‘ylash uchun hech qanday asos yo‘q. Masalan, kompaniya birja chiqqan kuni AQSh mudofaa vazirligi u bilan navbatdagi shartnoma tuzilganini e’lon qildi: Palantir ikki yil davomida AQSh Qurolli kuchlari tadqiqotlar laboratoriyasida sun’iy aql va mashinali o‘qitish texnologiyalarini ishlab chiqadi, buning evaziga esa 91,2 million dollar oladi. Vazirlik qayd etishicha, Palantir 998 ta raqibi orasidan ushbu tenderni yutib olgan.
Amerikaning Forbes nashri esa investorlarga Palantir qimmatli qog‘ozlariga sarmoya kiritishni to‘g‘ridan to‘g‘ri tavsiya qilmaydi. “17 yil ichida Palantir foyda olishni o‘rgana olmadi. Kompaniyani boshqaruvchilar bu qanday qilinishini hozir, aksiyalar birjalar chiqarilganida tushunib oladimi?” — degan savolni ko‘taradi Forbes.
Kompaniya ichidagi moliyaviy va boshqaruv masalalari haqiqatan ham o‘ziga xos tarzda hal qilinadi. Kompaniya hujjatlariga ko‘ra, 2016-yilda Palantir asoschilaridan va asosiy aksiyadorlaridan biri Stiven Koen kompaniyaning o‘zidan 25,9 million dollar miqdorida qarz olgan, u 2020-yil avgustiga qadar ham yopilmagan. Oxir-oqibat, qarzning katta qismini Palantir’ning Koenga tegishli 3,5 millionta aksiyasi evaziga yopib yuborishga qaror qilingan.
Shu bilan birga, kompaniya asoschilari va uning asosiy aksiyadorlari Piter Til, Stiven Koen va Aleksandr Karp aksiyalarni joylashtirish chog‘ida o‘z aksiyalarining katta qismini sotgan bo‘lsa-da, ular Palantir aksiyalarining 49,9 foizini nazorat qiladi, top-menejment bilan birgalikda, ularning hissasiga 50,8 foiz to‘g‘ri keladi. Bu barcha boshqaruv qarorlarini mustaqil qabul qilishini va investorlarda ularga ta’sir o‘tkazish mexanizmlari bo‘lmasligini bildiradi.
Izoh (0)